Qatar-2022: Futbol bilan birga sayohat qilish imkoniyati
Jahon chempionati o‘tadigan mamlakatning qanday sayyohlik markazlari mavjud?

21-noyabrdan Qatar davlatida futbol bo‘yicha jahon chempionatiga start beriladi. Ushbu musobaqani millionlar o‘yinining ashaddiy ishqibozlari, futbolchilar va boshqalar intizorlik bilan kutmoqda. Mazkur muhim tadbirga arab davlati 12 yildan beri tayyorgarlik ko‘rmoqda. O‘yinlar uchun ko‘plab stadionlar qurildi, borlari esa taʼmirlandi. Dunyo sporti olamidagi qiziqarli tadbirda muxlislar mamlakatning turizm obyektlari hamda tarixiy joylari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ana shunday eʼtiborli maskanlardan biri “Hamad” aeroporti hisoblanadi. Qatar poytaxti Doha shahrida joylashgan aeroport 2014 yil ochilgan bo‘lib uni muhim sayyohlik maskanlaridan biri deyish mumkin. So‘nggi to‘rt yil ichida mazkur inshoot Yaqin Sharqdagi eng yaxshi aeroport deb tan olindi va dunyodagi sevimli beshta aeroportdan biriga aylandi. “Hamad”ning bir qismi dengizda sunʼiy ravishda hosil qilingan yerlarda joylashgan. Binoning umumiy shakli suv to‘lqinlariga o‘xshaydi. Ichida sharsharalari, 25 metrlik hovuzi bor. Bundan tashqari aeroport ichki qismida masjid ham qurilgan. Zamonaviy sanʼat to‘plami “Hamad”ning eʼtiborni tortadigan asosiy jihatlaridan biri. Jo‘nash zalida shveysariyalik rassom Urs Fisher tomonidan bronzadan yasalgan yetti metrlik o‘yinchoq ayiq tomoshabinlarning eʼtiborini tortishi tabiiy.

Doha qirg‘og‘i
Doha - Fors ko‘rfazidagi zamonaviy shahar. Bu yerda dengiz sohillari bo‘ylab uzun ko‘chalarga guvoh bo‘lishingiz mumkin. Doha qirg‘oqlaridagi yo‘laklar yetti kilometrgacha cho‘zilgan. Dengiz bo‘ylab yurish esa yoqimli. Mashinalarni esa umuman uchratmaysiz. Bir tomonda ko‘rfaz ko‘rinishida ko‘plab anʼanaviy yelkanli qayiqlar mavjud. Boshqa tomonda “West Bay” deb nomlangan shaharning biznes markazida o‘nlab osmono‘par binolar bor.

Bozorlari
Yaqin Sharqdagi bozorlarda doim hayot qaynaydi. Zamonaviy shaharlarning savdo markazlari esa sayyohlarni diqqat-markazida bo‘lishi aniq. Dohada ana shunday uchta yirik bozor joylashgan. Ulardan asosiysi “Voqif” deb ataladi. Shahar markazida qurilgan bu joy labirintni eslatadi. Bozorda ziravorlar, xo‘shbo‘y hidli atirlar, kiyim-kechaklar va boshqa narsalar sotiladi.

Qadimgi qalʼalar va ichki dengiz
Qatar 1971-yil mustaqillika erishgan. Shu sababli mamlakatda qadimiy yodgorliklarni deyarli uchratmaysiz. Biroq, shunga qaramay mamlakatda tarixiy binolar mavjud. Ana shunday maskanlardan biri “Al-Zubara” qalʼasidir. Bu joy Doha shahridan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan. Qalʼa o‘tgan asr boshida anʼanaga aylangan arxitekturaning yaqqol namunasidir. Bino devorlarida marvaridlarni ham uchratishingiz mumkin. Doha shahrining o‘zida Usmonlilar davrida qurilgan “Al-Kuf” qalʼasini ham uchratasiz. U shahar markazidagi bozorning yaqinida joylashgan. Shuningdek. mamlakatda ichki dengizni ko‘rish imkoniyatiga egasiz. Biroq, u yerga mashinada emas, tuyada borishingiz mumkin. Sohil bo‘yida noyob ekotizm mavjud. Mazkur hududda bir qancha dengiz jonzotlari ham bor.

Islom sanʼati muzeyi
Qatarning hukmron oilasi sanʼatga jiddiy qiziqadi. 2013-yilda mamlakatda dunyodagi eng yirik sanʼat namunasi uchun juda ko‘p mablag‘ sarflangan. Davlatdagi islom sanʼatiga bag‘ishlangan muzey eng nufuzli to‘plamlarga ega hisoblanadi.

Muzeyda yulduzlar o‘rnini eslatuvchi restoran ham mavjud. Inshootning o‘zi ham hayratlanarli. Bino arxitektura sohasidagi yangiliklar uchun “Pritsker” mukofoti sovrindori. Loyiha xitoylik Bei Yuming tomonidan yaratilgan.
Qatar odatiy Yaqin Sharq mamlakati emas, u boshqa madaniyatlarda uchramaydigan o‘ziga xos milliy xususiyatlarga ega. Qatarda maxsus o‘rgatilgan qushlar yordamida bustalar va jingalaklar ovlanadi va bunday ovda qatnashish mutlaqo tekin. Aholining sevimli mashg‘ulotlaridan yana biri bu — tuyalar musobaqasidir. Unda minglab odamlar poygachilarga pul tikadi va o‘zlarining sevimli sportchilariga muxlislik qilishadi. O‘rta asrlardan beri Qatar qirg‘oqlari marvaridlar markazi bo‘lib kelgan.
Qatarning mehmondo‘stligi
Qatar aholisi sobiq ko‘chmanchilar bo‘lib, ular doimiy sayohat qilish qanday zavq berishini juda yaxshi bilishadi. Shu sababli, mamlakatda mehmonlarni kutib olishning o‘ziga xos anʼanalari mavjud. Xurmo qo‘shilgan qahva har doim va hamma joyda mehmonlarga taklif qilinadi. Agar siz oilaviy kechki ovqatga (ayniqsa, Ramazon oyi yoki Mustaqillik kunida) borishga muvaffaq bo‘lsangiz, u holda mezbonlar albatta, tekin dasturxon va samimiy mehmondorchilik bilan hayratda qoldiradi.
Qatarda o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionati Yaqin Sharqda tashkillashtirilayotgan birinchi yirik sport tadbiridir. Shu sababli ham mazkur davlatda o‘tadigan turnirga millionlab odamlarning qiziqishi kuchli. Bir tomonda jahon futbol birinchiligi bo‘lsa, ikkinchi tomondan kichik mamlakatning hayratlanarli va esda qolarli joylariga bo‘ladigan sayohatlar. Arabiston yarimorolida joylashgan maskan muxlislarni o‘z bag‘riga jorlaydi.
Jamshidbek Amirov







