O‘zbekistonda magnit bo‘roni kuzatiladi — “O‘zgidromet”
Magnit bo‘ronining G3 darajaga ega 5 ballik xavfi eʼlon qilindi.

Bugun O‘zbekistonda tush payti 5 ballik magnit bo‘ronlari kuzatilishi prognoz qilinmoqda.
“O‘zgidromet”ning Meteoinfokom tuzilmasi magnit bo‘ronining G3 darajaga ega 5 ballik xavfini eʼlon qildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan hafta quyoshda 24 ta kuchli quyosh chaqnashi kuzatilib, 2 ta o‘ta aktiv zona rivojlangan. Tabiiyki, quyosh sirtidagi mazkur chaqnashlar Yerda magnit bo‘roni xavflilik darajasini oshiradi.
Maʼlumot uchun, bu tabiat hodisasi aloqa, elektr tarmoqlari, navigatsiya tizimi bilan birga, inson salomatligiga ham salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin.
Bundan surunkali xastaliklarga chalingan, o‘rta va katta yoshli insonlar, ayniqsa, yurak ishemik kasalligi bilan og‘rigan yoki miokard infarkt, insultni boshdan o‘tkazgan bemorlar ko‘proq aziyat chekadi. Chunki quyosh chaqnashlari tufayli hosil bo‘lgan magnit maydoni gipertoniklarda qon bosimi oshishi, gipotoniklarda esa aksincha, qon bosimi pasayishiga sabab bo‘ladi.







