Byudjetdan taʼlimga qancha mablag‘ ajratilgan?
Moliya vaziri bu bo‘yicha axborot berdi.

Byudjet xarajatlarining eng katta ulushi taʼlimga to‘g‘ri kelmoqda. Bu haqda moliya vaziri Timur Ishmetov Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi chiqishida maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yil boshidan buyon birgina nodavlat va davlat-xususiy sherikligi asosidagi maktabgacha taʼlim muassasalari uchun 1.1 trillion so‘m ajratilgan.
Bundan tashqari, joriy yilning birinchi yarmida Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul tushlik bilan taʼminlashga 101 milliard so‘m sarflangan.
Oliy taʼlim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan talabalarga imtiyozli kredit ajratish maqsadida banklarga 87 milliard so‘m taqdim etilgan. Talabalar turarjoylari qurish uchun 43 milliard so‘m berilgan.
Shuningdek, yildan yilga davlat granti asosida o‘qiyotgan talabalar soni oshib borayotgani qayd etildi. Jumladan, o‘tgan o‘quv yilida 36 ming talaba grant asosida o‘qishga qabul qilingan.







