Mbappening “PSJ”dagi roli yana-da oshmoqda
U kecha Chempionlar ligasida ikkita gol urishga erishdi.

“PSJ” klubida to‘p surayotgan 23 yoshli fransiyalik hujumchi Kilian Mbappe “Yuventus”ga qarshi Yevropa Chempionlar ligasi guruh bosqichi 1-turidan o‘rin olgan o‘yin hamda o‘zining klubdagi yangi roli haqida gapirdi.
“Jamoada yangi rolim bor. Murabbiy bir vaqtning o‘zida hujum markazida bo‘lishimni, himoyaga kirib borishimni, Messi va Neymar o‘rtasida bog‘lovchi bo‘lishimni istaydi. Men bu yangi rolga qo‘limdan kelganicha moslashishga harakat qilyapman, shu bilan birga o‘zgarishlar qilishga harakat qilyapman. Biz ajoyib o‘yin ko‘rsatdik va g‘alaba qozondik. Biz har doim katta jamoalarga qarshi o‘ynashni xohlaymiz. Bunday o‘yinlarda xarakter ko‘rsatishni ham bilishimiz kerak”, — deya Mbappening so‘zlaridan UEFA matbuot xizmati iqtibos keltirdi.
Eslatib o‘tamiz, Mbappe joriy mavsumda “PSJ” safida barcha turnirlarda 6 ta o‘yinda maydonga tushib, 9 ta gol urdi. Uning transfer narxi 160 million yevroga baholanmoqda. Futbolchining fransuz klubi bilan shartnomasi 2025 yilning 30 iyuniga qadar amal qiladi.







