Sport

“Bavariya”ga hujumchi kerak

Klub muammolarga duch kelmoqda.

“Bavariya”ga hujumchi kerak

 

 

“Bavariya” “Tottenhem” hujumchisi Harri Keynni sotib olmoqchi. “Bild” nashrining xabariga ko‘ra, nemislar agar futbolchi hozirgi jamoasi bilan shartnomasini uzaytirmasa, Keyn uchun 2023-yilning yozida taklif bilan chiqishmoqchi. Bu haqda Harrining agenti allaqachon xabardor qilingan. “Bavariya” bosh direktori Oliver Kan Keynning ashaddiy muxlisi. Funksioner haqiqatan ham hujumchini kelasi yozda Myunxenga jalb qilmoqchi. 

 

“Bavariya” to‘qqizlik futbolchisiga juda muhtoj

 

Keynni qo‘lga kiritish istagi tushunarli. Harri Karim Benzema (Real Madrid), Kilian Mbappe (PSJ), Erling Holand (Manchester Siti) va Robert Levandovski (Barselona) bilan birga dunyoning eng yaxshi markaziy hujumchilaridan biri hisoblanadi. 

 

Myunxenliklar Bundesliga mavsumi boshida, Myonxengladbaxning “Borussiya”si (1:1) va “Union Berlin” (1:1) bilan o‘yinlarda ochko yo‘qotib, yuqori  darajadagi hujumchisi yo‘qligi yaqqol sezildi. O‘sha o‘yinlarda “Bavariya” 60% dan ko‘proq vaqt davomida to‘pga egalik qildi va raqiblarning mustahkam himoyasini yorib o‘tishda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Dortmundning “Borussiya” klubi darvozaboni Yan Zommer “Bavariya”ga qarshi o‘yinda Bundesliga rekordini yangiladi. 33 yoshli shveytsariyalik futbolchi 19 marta seyv amalga oshirdi. 

 

Zommer a’lo darajada harakat qildi, ba’zi daqiqalarda “Borussiya”ga omad kulib boqdi. Ammo aniq faktni inkor etib bo‘lmaydi. “Bavariya” hujumda ishonchsiz o‘ynadi. “Union” bilan o‘tgan bahsda vaziyat og‘irlashdi. Berlin klubi darvozaboni Frederik Ryonnov unchalik qiyinchiliklarga uchramadi. O‘yinda darvoza tomon bor yo‘g‘i oltita zarba yo‘llandi, ularning aksariyati darvozabonga katta xavf tug‘dirmadi.

 

“Bavariya” qanot himoyachilarning sa’y-harakatlari bilan raqiblarining mustahkam himoyasini yorib o‘tishda katta qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Asosiy sabab shundaki, klubning mahoratli hujumchisi yo‘q. Avval, bu vazifani Robert Levandovski bajargan.

 

Sadio Mane “Bavariya”ning mavsum oralig‘idagi asosiy xaridiga aylandi. “Liverpul”dan ko‘chib o‘tgan Mane darhol 22 million yevro maosh bilan jamoadagi eng ko‘p oylik oluvchi futbolchiga aylandi. Senegallik futbolchi Levandovski o‘rniga nominal o‘rinbosar sifatida taqdim etilgandi. Sadio “Liverpul”da “to‘qqizlik” hujumchisidan ko‘ra ko‘proq vinger pozisiyasida o‘ynagan. Kingsley Koman, Serj Gnabry va Leroy Sane ham xuddi shu chiziqda to‘p tepishadi.  Jamol Musiala va Tomas Myuller hujumkor yarim himoyachilar hisoblanadi. 

 

“Bavariya”da markaziy hujumchilar Erik-Maksim Choupo-Moting va Mathis Tel kabi futbolchilar bor. Ularning ikkisi ham yosh bilan bog‘liq muammoga ega. Choupo-Moting (33) o‘z karerasining cho‘qqisidan o‘tib ketdi. Tel esa 17 yoshda. Bu juda ham yosh. Futbolchi hali ko‘proq tajriba to‘plashi kerak. Choupo-Moting hozirda 3 million yevroga, Tel 2 million yevroga baholanmoqda.

 

“Bavariya” hujumchilarining umumiy qiymati 5 million yevroni tashkil etadi. Bu top-klub uchun ham, Bundesliganing o‘rtamiyona jamoalari uchun ham kamsituvchi ko‘rsatkichdir. Yulian Nagelsmann jamoasi Chempionlar ligasida “Inter” va “Barselona” bilan «o‘lim guruhi»ga tushib qolgan. Bu yerda hujumdagi kamchiliklar jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin.

 

Biroq, Chempionlar ligasining 1-tur uchrashuvi doirasida “Bavariya” Milanda “Inter” ustidan 2:0 hisobida ishonchli g‘alaba qozondi. Nemislar o‘sha kuni raqib darvozasi tomon 11 marta zarba berishdi. Ularning aksariyati kuchsiz bo‘lib, darvozabonga ortiqcha qiyinchilik tug‘dirmadi. O‘yinda germaniyaliklar Sanening goli va Danilo D’Ambrosioning avtogoli evaziga g‘alabani qo‘lga kiritishdi. “Barselona” esa birinchi turda Pilzendan Viktoriyani (5:1) mag‘lub etdi, Levandovski esa xet-trik qayd etdi.


Ba’zi xulosalarga kelishga hali erta. Milandagi g‘alabani hisobga olsak, Nagelsmann jamoasi Yevropa ligasiga tushib qolishi dargumon, ammo Chempionlar Ligasi pley-off bosqichiga ikkinchi o‘rindan chiqish va 1/8 finalda kuchli raqibga duch kelish ehtimoli bor.

 

Yuqorida tilga olingan hujumchilar Benzema, Mbappe va Holand “Bavariya”ga o‘tmaydi. Karim va Kilian “Real Madrid” va “PSJ”da ajoyib harakat qilishmoqda. Erling bu yozda Myunxen jamoasining taklifini rad etdi va Dortmundning “Borussiya” klubidan “Manchester Siti”ga o‘tishni afzal ko‘rdi.

 

“Bavariya” ushbu yozda Levandovskiga nisbatan qattiqqo‘llik qildi va yozning yarmida uning "Barsa"ga o‘tishini ataylab kechiktirdi. Vaziyatni tashqaridan kuzatib turgan yulduz futbolchilar Robertning o‘rnida bo‘lishni istamasliklari aniq edi. Shuning uchun endi ular “Bavariya” bilan shartnoma imzolashdan oldin jiddiy o‘ylab ko‘rishadi. Klub elita hujumchilaridan faqat Harri Keynni qo‘lga kiritishi mumkin, ammo buni amalga oshirish ham juda qiyin bo‘ladi. Keyn “Tottenhem” va umuman Premyer-liganing tirik ramzi hisoblanadi. Harri yaqinda ligadagi 187-golini urdi va bitta klub libosida raqiblar darvozasiga eng ko‘p gol urish bo‘yicha Serxio Agueroning rekordini yangiladi. 

 

Keyn ingliz. U 29 yoshda. Futbolchi o‘z vatanida, dunyoning eng yaxshi ligasida o‘ynaydi. Nega u Germaniyaga ko‘chib o‘tishi kerak? Buning kamida ikkita sababi bor. Pul va Chempionlar ligasida doimiy o‘yin ko‘rsatish. “Tottenhem”da Harri taxminan 12 million yevro ishlab oladi. Agar unga Mane darajasida yoki biroz ko‘proq maosh taklif qilinsa, “Bavariya” taklifini ko‘rib chiqishi mumkin. Myunxenliklar agar Harri Londonni tark etishga rozi bo‘lsa, bu miqdordagi pulni berishlari aniq.

 

Antonio Konte boshchiligidagi “Tottenhem” chempionatda yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda. O‘tgan mavsumda jamoa ichki chempionatning kuchli 4 taligiga kirdi va Chempionlar ligasiga yo‘l oldi. Lekin, bunga asosan “Arsenal” va “Manchester Yunayted”ning kuchsizligi sabab bo‘ldi. Bu yil raqobat kuchaymoqda. “Arsenal” yaxshi tomonga o‘zgardi. Erik ten Xag boshchiligidagi “Manchester Yunayted” ham Premyer-liga boshida biroz omadsiz ko‘ringan bo‘lsada, hozir bir qancha g‘alabalarni qo‘lga kiritdi. “Manchester Siti”ning qoqilib ketish ehtimoli juda ham past. Lekin, hozircha “Chelsi” va “Liverpul”da muammolar paydo bo‘lmoqda.  Biroq, ular albatta kuchayib borishadi, va jiddiy raqobatni yuzaga keltirishi tabiiy. 

 

“Tottenhem” bir yildan so‘ng yana Chempionlar ligasiga yo‘l oladi, deb kamdam-kam muxlis ayta olsa kerak. O‘z navbatida “Bavariya” Keynga yevrokuboklarning eng yaxshi turnirida doimiy ishtirok etishni taklif qilishi mumkin. Albatta, bu omil ish haqini oshirish bilan birga Harri uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

 

Keyn Krishtianu Ronaldu emas. “Tottenhem” Premyer-liganing kuchli to‘rtligiga kira olmaganida Harri Yevropa ligasida jimgina o‘ynadi. U Londonda o‘zini juda qulay his qiladi. Biroq, o‘yinchilarning xohish-istaklari ko‘pincha o‘zgaradi. Keynning kelajagi kelasi yozda aniq bo‘ladi, ammo hozirda uning “Tottenhem”dan ketishiga ishonish qiyin.

 

Ayni paytda, tan olishimiz kerakki, “Bavariya” mavsum oralig‘ida katta xatoga yo‘l qo‘ydi va Levandovski o‘rniga “to‘qqizlik” futbolchi qidirishni juda kech boshladi.  Biroq, joriy Chempionlar ligasi “Bavariya” uchun qanday yakunlanishi aniq emas.

 

Muallif: Jamshidbek AMIROV

O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarini 5-o‘rinda yakunladi: sportchilar 70 ta medalni qo‘lga kiritdi

O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarini 5-o‘rinda yakunladi: sportchilar 70 ta medalni qo‘lga kiritdi

Og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev jahon rekordini yangiladi.

Ronaldu va Jorje Jezus yarashishi mumkin: futbolchining javobi kutilmoqda

Ronaldu va Jorje Jezus yarashishi mumkin: futbolchining javobi kutilmoqda

Avvalroq Ronaldu Portugaliya terma jamoasi yig‘inini muddatidan oldin tark etgandi.

O‘zbekiston Suriyani yirik hisobda mag‘lub etdi

O‘zbekiston Suriyani yirik hisobda mag‘lub etdi

O‘zbekiston terma jamoasi navbatdagi uchrashuvini  Janubiy Koreyaga qarshi o‘tkazadi.

Murabbiy bilan mojaro: Ronaldu Portugaliya terma jamoasi mashg‘ulotini tark etdi

Murabbiy bilan mojaro: Ronaldu Portugaliya terma jamoasi mashg‘ulotini tark etdi

Voqea murabbiy matbuot anjumanida Ronaldu bilan o‘rtasida hech qanday mojaro yo‘qligini aytganidan keyin yuz bergan.

Osiyo oʻyinlari: O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Yaponiya bilan o‘yinda penaltilar seriyasida yutqazdi

Osiyo oʻyinlari: O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Yaponiya bilan o‘yinda penaltilar seriyasida yutqazdi

Endi O‘zbekiston bronza medali uchun Xitoyga qarshi bahs olib boradi.

«Chelsi» Abduqodir Husanovning transferini ko‘rib chiqmoqda — manba

«Chelsi» Abduqodir Husanovning transferini ko‘rib chiqmoqda — manba

Husanovga Angliya Premyer-ligasining yana uchta klubi ham qiziqish bildirayotgani aytilmoqda.

O‘zbekiston Eronni mag‘lub etdi: Shomurodov dubl qayd etdi

O‘zbekiston Eronni mag‘lub etdi: Shomurodov dubl qayd etdi

Husayn Norchayev esa uchrashuv oxirida hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi.

Aichi-Nagoya-2026: O‘zbekiston delegatsiyasi bir kunda 15 ta medal oldi

Aichi-Nagoya-2026: O‘zbekiston delegatsiyasi bir kunda 15 ta medal oldi

O‘zbekistonlik sportchilar Osiyo o‘yinlarining navbatdagi kunida eshkak eshish, kanoe va baydarka, o‘q otish, qilichbozlik hamda sport gimnastikasi bahslarida jami 15 ta medalni qo‘lga kiritdi.

“Bavariya”ga hujumchi kerak | Zamon.uz