O‘n yil: qizlar hayotida nimalar o‘zgardi?
2011-yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida “Xalqaro qizlar kuni”ni nishonlash bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilingan. O‘shandan beri har yili 11-oktabr — “Xalqaro qizlar kuni” sifatida nishonlanadi.

Ilk xalqaro loyiha
Ayollar va qizlarning huquqlarini himoya qilishga chaqiriq ilk marta 1995 yili, Ayollar bo‘yicha Butunjahon konferensiyasida Pekin deklaratsiyasi bilan erishilgan. Dunyo tarixida o‘smir qizlar duch keladigan muammolarni hal qilish zarurligi qayd etilgan birinchi loyiha edi.
Xalqaro qizlar kuni «Plan International» nodavlat xalqaro tashkilotining loyihasi bo‘lib, «Chunki men qizman» aksiyasi doirasida boshlangan. Bu dunyoning 70 ga yaqin mamlakatlarida ishlaydi. Loyiha ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda qizlarni tarbiyalash, ularning huquqlarini taʼminlash va qashshoqlikdan olib chiqish uchun mo‘ljallangan.
Birinchi Xalqaro Qizlar kunidan o‘n yil o‘tdi, bu orada tadqiqotlar qilindi. Xo‘sh, shu vaqt oralig‘ida qizlarning dunyosida nimalar o‘zgardi? Qizlarning hayoti, shubhasiz, ko‘p jihatdan yaxshilangan bo‘lsa-da, ular hali ham taʼlim, jismoniy va ruhiy salomatlik, zo‘ravonliksiz hayot uchun zarur bo‘lgan himoya bilan bog‘liq misli ko‘rilmagan muammolarga duch kelishmoqda.
O‘n yil avvalgidan ko‘ra bugun ko‘proq qizlar o‘rta maktabni tamomlamoqda, ammo juda sekinlik bilan. 2012 yildan 2020 yilgacha o‘rta maktabni tamomlagan qizlar ulushi 69 foizdan 77 foizga, to‘liq o‘rta maktabni tamomlagan qizlar ulushi esa 49 foizdan 59 foizga ko‘tarildi.
Ammo bu shuni anglatadiki, butun dunyo bo‘ylab deyarli har 5 qizdan 1 nafari hali ham o‘rta maktabda o‘qish imkoniyatidan mahrum va har 10 qizdan 4 nafari bugungi kunda to‘liq o‘rta maktabni tamomlamayapti. Ayrim hududlarda esa bu raqamlar yana-da ayanchli. Misol uchun, so‘nggi 10 yil ichida to‘liq o‘rta maktabni tamomlagan qizlar ulushi atigi 2 foizga oshgan. Sharqiy va Janubiy Afrikada har 5 qizdan 1 nafari to‘liq o‘rta maktabni tamomlagan. Janubiy Osiyoda ko‘proq taraqqiyot kuzatilgan bo‘lsa-da, bugungi kunda mintaqadagi qizlarning faqat yarmi maktabni tamomlaydi.
Dunyo bo‘ylab o‘smir qizlarning farzand ko‘rishi kamaymoqda
O‘smirlik davridagi homiladorlik qizlar, ularning go‘daklari va umuman jamiyatning salomatligi, farovonligi uchun bir qator salbiy oqibatlarga olib keladi. Dunyo miqyosida 15 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan o‘smir qizlar o‘limining ikkinchi asosiy sababi — qon ketishi, sepsis va tug‘ruqqa tayyor bo‘lmagan organizmdir. Butun dunyo bo‘ylab o‘smirlarning tug‘ruq koeffitsiyenti 2012 yildan buyon 15-19 yoshdagi 1000 nafar o‘smir qizga nisbatan 51 tadan 42 tagacha kamaydi. Rivojlanmagan mamlakatlarda ham o‘sish kuzatilmagan bo‘lsa-da, bu mamlakatlarda o‘smirlar homiladorligi koeffitsiyenti dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘proq. Bugungi kunda har 1000 qizga 94 ta homiladorlik to‘g‘ri keladi. Butun dunyo bo‘ylab o‘smirlar homiladorligining eng yuqori yuki bo‘lgan Afrikaning Sahroi Kabir mintaqasida – 15-19 yoshli har 100 qizdan 10 nafari tug‘adi...
Qizlarning oilani rejalashtirish imkoniyatlari oshgan bo‘lsa-da, ko‘pchilikning talablari hamon qondirilmagan. Ko‘pgina o‘smir qizlar uchun homiladorlik rejalashtirilmagan. O‘smirlik davridagi homiladorlik, ayniqsa nikohdan tashqari, qizlarning stigma, ijtimoiy izolyatsiyaga olib kelishi va ularning maktabni tashlab ketish, majburiy turmush qurish xavfini oshirishi mumkin.
2012 yildan buyon o‘smir qizlarning oilani rejalashtirishga bo‘lgan talablarini zamonaviy usullar bilan qondirish bo‘yicha global taraqqiyot sekin kechdi – 55 foizdan 60 foizga ko‘tarildi. Demak, homilador bo‘lmaslikni istagan 15-19 yoshdagi har 10 nafar o‘smir qizdan 4 nafari zamonaviy usuldan foydalanmayapti.
O‘smir qizlar o‘rtasida OIV infeksiyalari ulushi so‘nggi o‘n yil ichida 33 foizga kamaydi
Biroq o‘smirlar o‘rtasida yangi infeksiyalarning aksariyati hali ham qizlar orasida uchraydi. OIV epidemiyasining asosiy omillari qizlarni noqulay ahvolga soladigan gender tengsizliklarining keng doirasi, jumladan, erta va majburiy turmush qurish, zo‘ravonlik, xizmatlar va maʼlumotlardan foydalanishning tengsizligi, muzokaralar uchun kuch va iqtisodiy avtonomiyaning yo‘qligi taʼsir ko‘rsatadi.
Dunyo miqyosida 2012 yildan buyon o‘smir qizlar o‘rtasida OIV infeksiyalari soni uchdan bir qismga kamaydi, yaʼni bugungi kunda 180 000 dan 60 000 gacha. Afrikaning Sahroi Kabirida, bugungi kunda o‘smir o‘g‘il bolalarga nisbatan OIV bilan kasallangan o‘spirin qizlar soni qariyb 6 baravar ko‘p.
Dahshatli statistika
Erta nikoh kamroq sodir bo‘lmoqda, biroq millionlab qizlar bolaligida turmushga chiqish xavfi ostida qolmoqda. Erta nikoh qizlarning bolaligini o‘g‘irlaydi va ularning hayotda o‘z yo‘nalishini belgilashdan mahrum qiladi. So‘nggi o‘n yil ichida dunyo miqyosida bolaligida turmushga chiqqan yosh ayollarning ulushi 23 foizdan 19 foizga kamaydi. Janubiy Osiyo bu davrda eng ko‘p taraqqiyotga erishdi, bu yerda qizlarning o‘smirligida turmushga chiqish xavfi 46 foizdan 28 foizga kamayishga erishildi.
Raqamlar bizga taraqqiyotga erishish mumkinligini ko‘rsatadi va ko‘plab sohalarda bugungi qizlar o‘n yil oldingiga qaraganda yaxshiroq ahvolda. Ammo raqamlar ham jadal harakat zarurligini aytadi. Iqlim o‘zgarishi, qurolli to‘qnashuvlar va COVID-19 pandemiyasi bilan bir vaqtda yuzaga kelgan inqiroz sharoitida qizlarning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun taʼlim, sog‘liqni saqlash, himoya va boshqa sohalarga ko‘paygan resurslar va investitsiyalar talab etiladi.
Qizlarga atalgan maxsus sammit
YUNICEFning «O‘smir qizlar» dasturining yangi strategiyasida bunday dasturlarni jadallashtirish rejasi bayon etilgan. Bu yilgi Xalqaro qizlar kunini nishonlash uchun Nigeriyada qizlar o‘zaro muloqotda bo‘ladigan, o‘z muammolari bilan o‘rtoqlashadigan va gender tengligi yo‘lida harakat qilishga chaqiradigan ko‘p madaniyatli, avlodlararo muhim tadbir bo‘lgan «Qizlar Sammiti» o‘tkaziladi. 12-13 oktyabr kunlari Abujada bo‘lib o‘tadigan tadbirda siyosat, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati tashkilotlaridan manfaatdor tomonlar, shuningdek faollar va taʼsir o‘tkazuvchilar bilan birga dunyoning turli burchaklaridan qizlar ishtirok etadi.
Xotin-qizlar masalasida O‘zbekistonda vaziyat qanday?
Hozirda respublikada yashaydigan xotin-qizlarning deyarli 100 foizi turli darajadagi maʼlumotga ega (2021 yil kesimida; o‘rta-maxsus, kasbiy va oliy taʼlim misolida). Ularning 35.9 foizi o‘rta, 47.9 foizi o‘rta-maxsus va 12.9 foizini oliy maʼlumotlilar tashkil etadi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda ayollarni oliy taʼlimga jalb qilish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi. Xususan, OTMlarga qabul jarayonida ayollar uchun maxsus imtiyozlar joriy etildi, ularga ajratiladigan kvotalar oshirildi. Oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni ikki baravarga ortdi.
Bundan tashqari, ularning oliy taʼlimga qamrovini yana-da kengaytirishga qaratilgan bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Natijada 2021 yilda OTMlardagi talabalarning 45.9 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. (taqqoslash uchun: 2013-2014 yilgi o‘quv yillarida OTM bitiruvchilarining 21.1 %, 2014-15 yilgi o‘quv yilida esa 24.3 foizi xotin-qizlardan iborat bo‘lgan).
Sholi kurmaksiz bo‘lmaydi: kamchiliklar ham yetarlicha
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, xotin-qizlar taʼlimini rivojlantirish orqali iqtisodiyotni yana-da rivojlantirish; davlat genofondini ilmli va intiluvchan avlod bilan to‘ldirish; mutaassiblik va ekstremizmga qarshi mustahkam jamiyat yaratish mumkin. O‘zbekiston ham shu omillarni hisobga olgan holda yo‘nalishga eʼtiborni kuchaytirishi kerak.
Iqtisodiyotni rivojlantirishda taʼlim hal qiluvchi ahamiyatga ega. Sababi samarali bilim berish orqali malakali kadrlarni yetishtirish mumkin. Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik tashkiloti o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, eng kamida o‘rta-maxsus taʼlimga ega insonlar soni ko‘payishi bandlik darajasining oshishiga olib keladi. Bu esa o‘z navbatida soliq to‘lovchilar sonining ko‘payishiga sabab bo‘ladi.
Jahon iqtisodiy forumi maʼlumotlariga asosan ayollar taʼlimiga kiritilgan har bir dollar davlat foydasiga 2.80 dollar bo‘lib qaytadi. 2030 yilga kelib barcha qizlarning o‘rta maʼlumotga ega bo‘lishi dunyo yalpi mahsulotning 10 foiz ko‘payishiga imkon beradi.
Jahon Banki maʼlumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda xotin-qizlarning iqtisodiy faoliyatga to‘la jalb qilinmasligi oqibatida dunyo iqtisodiyoti har yili 17 % YAIM yo‘qotmoqda. Aksincha, ularning iqtisodiy hayotga tortish orqali 2025 yilga kelib global YAIM qo‘shimcha 28 trillion dollarga ko‘payishi mumkin.
Shu omillarni hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasida ayollar ahamiyatga ega. Unda ushbu harakatlarning iqtisodiy taraqqiyotga taʼsiri masalasi yoritilishi va keyingi chora-tadbirlar shu asosda amalga oshirilishi muhim hisoblanadi. Mamlakat yoshlarining ilmli va intiluvchan bo‘lishi ham ko‘p jihatdan ayol kishining qay darajada maʼlumotli va keng dunyoqarashga egaligiga bilan bog‘liq.
Bahriniso Madumarova tayyorladi







