“Barselona” keyingi bosqichda o‘ynashga loyiq emas — Xavi
Murabbiy “Inter”ga qarshi o‘yin haqida gapirdi.

“Barselona” bosh murabbiyi Xavi Chempionlar ligasi guruh bosqichi 4-turida “Inter”ga qarshi o‘yin (3:3) natijasi haqida gapirdi.
“Birinchi bo‘lim ajoyib o‘tdi, biz yaxshi hujum qildik. Pedri va Gavining yarim himoyadagi ajoyib o‘yini hisobiga “Inter”ga kuchli bosim uyushtirdik. Ikkinchi bo‘limda juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik. Chempionlar ligasida xatolar qimmatga tushadi. Biz xarakter ko‘rsatishga harakat qildik. Lekin o‘z uyingizda “Inter”ni mag‘lub eta olmasangiz, Chempionlar ligasining keyingi bosqichlarida o‘ynashga loyiq emassiz. Umid kam, bu xatolardan xulosa chiqarish lozim. Men murabbiyman va futbolchilarim xatoga yo‘l qo‘ysa, javobgarlikni o‘z bo‘ynimga olishim kerak”, — deya Xavining so‘zlaridan “Football Italia” nashri iqtibos keltirdi.
Eslatib o‘tamiz, to‘rt turdan keyin “Barselona” to‘rt ochko bilan turnir jadvalida uchinchi o‘rinda bormoqda. “Inter” esa 7 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Turnir jadvalini “Bavariya” 12 ochko bilan boshqarib turibdi.







