“Biz Neymarga o‘n yil oldin qiziqib qolgandik”
Peres Neymar nima sababdan “Barsa”ni tanlaganini aytdi.

“Real Madrid” prezidenti Florentino Peres Fransiyaning “PSJ” klubida to‘p surayotgan 30 yoshli braziliyalik hujumchi Neymarga “Santos”da o‘ynab yurgan paytlarida qiziqish bildirganini esladi.
“Biz Neymarga 10 yil oldin qiziqib qolgandik. Sport direktoridan u “Santos”dan ketmoqchi ekanligini bildim. “Real” futbolchi uchun 45 million yevro taklif qildi. Nega u “Real Madrid”ga o‘tmadi? Bilasizki, o‘yinchilar xohlagan joyga borishadi. Neymar “Barselona”ga o‘tishni xohlagan va shuning uchun ham kataloniyaliklar safiga borib qo‘shildi”, — deya Peresning so‘zlaridan “Marca” nashri iqtibos keltirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2013-yilning yozida Neymarning transferi “Barselona”ga 88 million yevroga tushgan edi. U jamoa tarkibida barcha musobaqalarda 186 ta o‘yin o‘tkazib, 105 ta gol urgan va 76 ta golli uzatmani amalga oshirgan. 2017-yilning avgustida braziliyalik futbolchi “PSJ”ga 222 million yevro evaziga o‘tgan edi.







