Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik qanday olib borilmoqda?
Zamon.uz mavzu yuzasidan mutaxassisga bog‘landi.

2022 yilning yanvar oyi oxirida O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar elektr energiyasi tizimidan ommaviy uzilgandi. Bunga tizimdagi texnik nosozliklar sabab qilib ko‘rsatilgandi. Iqtisodiyotning eng muhim tarmog‘ining uzluksiz ishlashi muhim ahamiyatga ega. Ayni kunlarda yurtimizda sovuq kunlar boshlandi. Ayrim viloyatlarning tog‘li hududlari qor bilan qoplandi. Xo‘sh, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘ngildagidekmi? O‘tgan yillarda kuzatilgan elektr energiyasi taminotidagi ayrim muammolar bu yil ham davom etadimi? Shu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Zamon.uz muxbiri mutaxasisga yuzlandi.
“O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyev,
— Joriy yil kuz-qish mavsumida aynan energitika tizimida ancha ishlar qilindi. 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish maqsadida 3207 ta ijtimoiy soha obyektidagi o‘rnatilgan tashqi, ichki elektr va issiqlik qurilmalari hamda isitish uchun o‘rnatilgan qozonlarning holati yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda 1995 ta muassasaning texnik holati qoniqarsiz ekanligi aniqlandi. Shuningdek, ko‘mir omborlarida ko‘mir yoqilg‘isining saqlanishi holati yuzasidan ko‘mir bilan ishlaydigan 2687 ta muassasaning 834 tasi ko‘mir saqlash omborining qoniqarsiz holati maʼlum bo‘ldi.
Bundan tashqari mutaxasisning maʼlum qilishicha, 2022-2026 yillarda Respublikamiz hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yana-da yaxshilash maqsadida 468 ta transformator punkti, 3719 km uzunligida elektr tarmog‘idan rekonstruksiya qilish va yangidan qurish ishlari bajarilgan, 62 ta elektr qurilma va 285 km uzunlikdagi elektr tarmoqlari ekspluatatsiyaga qabul qilingan.







