“Futbolga qaytmasligimga ishonchim komil”
Iguain faoliyatini kuchli tanqidlar sabab yakunladi.

366 ta gol, 127 ta golli uzatma, 785 ta o‘yin va 14 ta sovrin - Gonsalo Iguain MLSda o‘zining uzoq yillik yorqin karerasiga yakun yasadi. Oktabr oyi boshida u mavsum tugashi bilanoq futboldan ketishini eʼlon qilgandi. Biroq bu vaqt pley-offning 1/8 finaliga to‘g‘ri keldi.
Xayrlashuv jarayonlari shu qadar hayajonli kechdiki, Iguain ko‘z yoshlarini tiya olmadi. 17 mavsumdan so‘ng uning faoliyat yo‘li nihoyasiga yetdi. Yevropaning “Real” Madrid”, “Napoli”, “Yuventus”, “Chelsi” va “Milan” klublarida yorqin o‘yinlar ko‘rsatdi. Karyerasida pasayish tufayli u AQSHga ko‘chib o‘tgandi.
“Eng yaxshi ko‘rgan narsamni yo‘qotganimni his qildim”, — deb tan oldi Iguain xayrlashuv marosimidan keyin. Faoliyatimning turli davrlariga oid suratlarni ko‘rdim. Men qanday yashadim, qanday ishladim, nimani boshdan kechirdim... Ayni damda juda ham xursandman, chunki bugungacha futbolga borimni berdim. Bu eng muhimi”.
Iguain 34 yoshida futbol bilan xayrlashishga qaror qilganiga asosiy sabab bu unga bo‘lgan ko‘plab tanqidlar. Yaqinda u bu holatlarga chidab bo‘lmasligini tan oldi. Eng muhimi, Iguain Argentina safida ham muhim yutuqlarni qo‘lga kiritdi.
2019-yilda Iguain birorta sovrinni yutmay, termadagi faoliyatini yakunlayotganini ma'lum qilgandi.
“Jamoa bilan normal munosabatdaman. Men termadan ketmoqchiman, - degan o‘shanda futbolchi. Bu vaqtga kelib uning terma jamoadagi o‘yinini tanqid qilish chegaralardan oshib ketgan edi. Hatto futbolchining oilasi ham tanqid ostiga olingan.
Gabriyel Batistuta
Argentina terma jamoasining sobiq hujumchisi.
“Iguain ajoyib hujumchi. Uni butun dunyo hurmat qiladi. Lekin Argentinada emas. Gonsalo muhim o‘yinlarni bir necha bor o‘tkazib yubordi. Jahon chempionati - 2014, Germaniya bilan uzoq kutilgan kubok uchun kurash. Boshqa chempionatlarda futbolchi muxlislar tomonidan kuchli tanqid qilingan. Sababi u bir nechta finallarda gol urishni eplay olmagan”.
Hujumchi mana shu holatlarga quyidagicha fikr bildirgan:
“Men jahon chempionatida Belgiyaga gol urib, jamoani 24 yil ichida birinchi marta yarim finalga olib chiqdim”, - dedi Iguain. Ammo odamlar faqat xatolarni eslashadi. Futbol shunday. Men haqimda aytilgan gaplar tufayli oilam qanday azob chekayotganini ko‘rdim. Odamlar buni o‘ylamasdan qilishadi. O‘zlarini hech qachon bizning o‘rnimizga qo‘ymaydilar”.
Lionel Messi, Iguain nihoyat futbol bilan xayrlashishga qaror qilgani haqidagi xabardan so‘ng, afsus bilan shunday dedi:
“Menimcha, odamlar juda adolatsiz qilishdi. Jurnalistlar unga yomon munosabatda bo‘lishdi va odamlar u haqida gapirishga majbur bo‘ldi. Uning ahvoli dahshatli, chunki Gonsalo yorqin karyerasini o‘tkazdi. U dunyoning eng yaxshi jamoalarida o‘ynadi, gollar urdi, chempion bo‘ldi, lekin aynan Argentinada qadr topmadi”.
Futbolchi faoliyatini tugatganidan so‘ng shunday dedi:
“O‘tgan kuni men ortda qolgan hamma narsa haqida o‘yladim: istaysizmi, yo‘qmi, ruhiyatga taʼsir qilgan yillar talablari, masʼuliyati, mamlakatdan mamlakatga ko‘chish haqida. Va haqiqat shundaki, men hozir juda xursandman, juda xursandman. Men xohlagan narsamga erishdim: bosim, talabchanlik, doim men haqimda gapiradigan matbuot, muxlislarning tahqiridan qutildim. AQSHda futbol birinchi o‘rinda emas. Biroq liga o‘sib bormoqda va o‘sishda davom etadi. Lekin bu yerda odamlar sizni xatoga yo‘l qo‘yganingiz yoki gol urmaganingiz, qizil kartochka olganingiz yoki chetlatilmaganligingiz uchun yomon munosabatda bo‘lishmaydi. Va matbuot bilan ham xuddi shunday. Men bu yerda tinchgina xohlagandek yashayman. Men juda xursandman va bu qarorni qabul qilganimdan mamnunman. Endi futbolga qaytmasligimga ishonchim komil”.







