“Oltin to‘p-2023”ga ham nomzodlar eʼlon qilindi
Ushbu ro‘yxatga kimlar kiritilgan?

Bir necha kun oldin bu yilgi “Oltin to‘p” sohibi maʼlum bo‘ldi. Kelasi yilgi sovringa daʼvogarlar ro‘yxati ham allaqachon paydo bo‘ldi. “Goal.com” sayti futbolchilarning joriy mavsumdagi o‘yinlariga qarab reyting tuzib chiqdi. Statistik maʼlumotlar futbolchilarning klublar va terma jamoalar o‘yinlaridagi gollari va uzatmalarini ko‘rsatadi.
Quyida kuchli o‘ntalik haqida maʼlumotga ega bo‘lishingiz mumkin.
Fil Foden (“Manchester Siti”)
2022/2023-yilgi mavsumdagi statistika: 7 ta gol, 3 ta golli uzatma. Foden endigina 22 yoshda, lekin u katta tajribaga ega futbolchidek o‘yin ko‘rsatmoqda. Yaqinda bo‘lib o‘tgan Manchester derbisida Holand bilan ikkisi yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgandi. Foden uchun Qatardagi jahon chempionati muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Muhammad Saloh (“Liverpul”)
2022/2023-yilgi mavsumdagi statistika: 11 gol, 4 golli uzatma. Mavsum boshlanishi Saloh uchun eng oson bo‘lmadi, ammo so‘nggi haftalar futbolchi bir qator gollar urishga erishdi. Avvaliga u Chempionlar ligasida xet-trik qayd etdi, keyin esa “Manchester Siti” bilan o‘yinda g‘alaba golini kiritdi. Mavsumning ikkinchi yarmida misrlik futbolchining o‘yini o‘zgarishi mumkin degan taxminlar bor. Boshqa tomondan, Saloh JCHda o‘ynamaydi, demak, uning “Oltin to‘p”ni olish imkoniyati unchalik katta emas.
Karim Benzema (“Real Madrid”)
2022/2023-yilgi mavsumdagi statistika: 5 gol, 1 golli uzatma. Benzema yangi mavsum boshida jarohat oldi va bu uning statistikasiga taʼsir qildi. Biroq, “Real Madrid” har bir turnirda uzoqqa borishi mumkin, shuning uchun Karim avvalgi holatini tiklashga ulguradi. Agar Fransiya terma jamoasi dunyoning eng kuchli jamoasiga aylanadigan bo‘lsa, Benzemada ikkinchi “Oltin to‘p” uchun kurashish imkoniyati paydo bo‘lishi aniq.
Kevin De Bryuyne (“Manchester Siti”)
2022/2023-yilgi mavsumdagi statistika: 2 gol, 12 golli uzatma. De Bryuyne bir necha yildan beri bir mavsumda golli uzatma berish bo‘yicha Premyer-liga rekordini o‘rnatmoqda. U Terri Anrining natijasini takrorladi, ammo Erling Holandning hozirgi o‘yini belgiyalik futbolchining rekordini yangilashi mumkin.
Kevin hamon jahon futbolidagi eng yaxshi ijodkor yarim himoyachilardan biri hisoblanadi. Belgiya terma jamoasi uchun De Bryuyne Qatardagi jahon chempionatida yuqori saviyani saqlab turishi muhim.
Vinicius Junior (“Real Madrid”)
2022/2023-yilgi mavsumdagi statistika: 7 ta gol, 5 ta golli uzatma. Vinitsiusning o‘tgan mavsumdagi muvaffaqiyatini tasodif deb o‘ylagan odamlar adashgan. U allaqachon o‘zini dunyodagi eng xavfli hujumkor o‘yinchilardan biri sifatida ko‘rsatdi. Ajoyib tezlik va sezilarli darajada yaxshilangan o‘yin Vinitsiusni qanot himoyachilari uchun dahshatli futbolchiga aylantirdi. Bu mavsum futbolchi uchun avvalgisidan ham yaxshiroq bo‘lishi mumkin. Qolaversa, “Real Madrid” qanot himoyachisiga Braziliyaning asosiy tarkibidan joy olish deyarli kafolatlangan.
Robert Levandovski (“Barselona”)
2022/2023-yilgi mavsumdagi statistika: 14 gol, 4 golli uzatma. Levandovski klubini o‘zgartirdi, ammo bu uning faoliyatiga taʼsir qilmadi. Mavsum davomida u xuddi shu ruhda davom etsa, “Oltin to‘p”ga daʼvogarlar qatoridan joy oladi. Agar “Barselona” Chempionlar ligasi pley-off bosqichiga chiqa olmasa, Robertning imkoniyatlari keskin kamayadi. Va buning ehtimoli juda yuqori. Buning o‘rnini jahon chempionatidagi muvaffaqiyatli o‘yin bilan qoplashingiz mumkin, ammo Polsha termasi so‘nggi yirik turnirlarda qatnashmaydi.
Erling Holand (“Manchester Siti”)
2022/2023-yilgi mavsumdagi statistika: 21 gol, 3 golli uzatma. Holand mavsumni “Oltin to‘p” uchun asosiy daʼvogar sifatida boshladi, ammo “Goal” nashri uni hozircha to‘rtinchi o‘ringa qo‘ydi. Nashrning taʼkidlashicha, agar bu yil jahon chempionati bo‘lmaganida Erling birinchi bo‘lardi. Norvegiya terma jamoasi, o‘zingizga maʼlumki, turnirda ishtirok etmaydi. Bu esa futbolchi uchun katta minus. Holand kuchli o‘yin namoyish qilmoqda va birin-ketin rekordlarni yangilamoqda. Biroq Qatardagi jahon chempionati “Oltin to‘p” uchun ovoz berish natijalariga taʼsir qiladi.
Kilian Mbappe (“PSJ”)
2022/2023-yilgi mavsumdagi statistika: 13 gol, 1 golli uzatma. Mbappening kelajagi haqida gap-so‘zlar butun mavsum davomida ahamiyatini yo‘qotmasa kerak. Albatta, bu nafaqat futbolchini, balki klubni ham chalg‘itadi. Kilianning bunday sharoitda qanday o‘ynashi aniq emas, chunki butun futbol olami uni yaqin oylarda diqqat bilan kuzatib boradi. Baʼzi javoblarni bo‘lajak Jahon chempionati beradi. Fransiya terma jamoasi chempionlikni himoya qilish uchun Qatarga keladi.
Neymar (“PSJ”)
2022/2023-yilgi mavsumdagi statistika: 13 gol, 11 golli uzatma. Neymar o‘tgan mavsum oxirida “Oltin to‘p” uchun nomzodlar ro‘yxatiga kiritilmagandi. Hozir u 30 yoshdan oshgan va ko‘pchilik hujumchi faoliyatidagi eng yaxshi bosqich allaqachon ortda qolgan deb o‘ylashi mumkin. Hozircha tarixdagi eng qimmat futbolchi bu mavsumda dahshatli o‘yin ko‘rsatmoqda. Kelasi oy u JCH-2022 favoritlaridan biri Braziliya yetakchisi sifatida Qatarga boradi. Muvaffaqiyatli o‘yin ko‘rsatsa, hujumchi “Oltin to‘p”ni olish imkoniyatini oshiradi.
Lionel Messi (“PSJ”)
2022/2023-yilgi mavsumdagi statistika: 12 gol, 8 golli uzatma. Messi o‘tgan mavsum yakunida “Oltin to‘p”ga daʼvogarlar 30 taligiga kiritilmagandi. Bu esa ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lmadi. Messi yangi mavsumni avvalgisidan ancha yaxshi boshladi. Biroq, ko‘p narsa Leoning bo‘lajak jahon chempionatida qanday ishtirok etishiga bog‘liq.







