Investitsiya loyihalariga sarmoya kiritganlar Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilinishi mumkin
Sarmoyaning eng kam miqdori qancha bo'lishi kerak?

Investitsiya loyihalariga sarmoya kiritgan xorijliklar Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilinishi mumkin. Bu boʻyicha Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi muhokamaga qoʻyildi.
Qonun loyihasida katta hajmda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritgan xorijiy sarmoyadorlarga Oʻzbekiston fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda berish nazarda tutilmoqda.
Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi chet davlat fuqarosi boʻlgan yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs tomonidan mamlakatda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalariga kamida 1 mln dollar ekvivalentida sarmoya kiritgan jismoniy shaxsga yoxud taniqli olim, sportchi, madaniyat va sanʼat arbobiga nisbatan tatbiq etiladi.
Qayd etilishicha, Qonunda taklif etilayotgan yangi norma davlatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, respublika investitsiya muhitida boʻlayotgan ijobiy oʻzgarishlarga xalqaro ishbilarmonlar hamjamiyatining eʼtiborini jalb qilish va xalqaro maydonda mamlakat nufuzini kengaytirishga xizmat qiladi.







