Erdog‘an va Berdimuhamedov «Turkiy dunyoning oliy ordeni» bilan mukofotlandi
Ayni daqiqalarda Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti doirasida yuqori martabali mehmonlarni taqdirlash marosimi o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Turkiya yetakchisi Rajap Toyyib Erdog‘an hamda Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovni «Turkiy dunyoning oliy ordeni» bilan mukofotladi.
Qayd etish kerakki, ushbu mukofot 2019 yildan beri sammit ishtirokchilariga topshirib kelinadi. Bokuda o‘tkazilgan sammitda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevga ushbu ordenni topshirgan edi.
2021 yilda esa Turkiya prezidenti Ozarbayjon yetakchisini ayni orden bilan mukofotlagan.
Shuningdek, marhum atoqli adib Chingiz Aytmatov Turk dunyosi birligini taʼminlashga qo‘shgan hissasi uchun Alisher Novoiy nomidagi xalqaro mukofot bilan taqdirlandi.







