“Yunayted”ning yosh Ronaldusi
U Premyer-ligada gol urgan eng yosh futbolchilardan biriga aylandi.

Kecha oqshom “Manchester Yunayted” “Fulhem”dan g‘alabani tortib olishga harakat qildi. 2022 yilgi jahon chempionati oldidan Premyer-liganing so‘nggi turida London klubi Ten Xak jamoasidan ochko olishga harakat qildi. Hamda o‘yin davomida ko‘plab imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Uchrashuv 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlanishi oydinlashayotgan edi, ammo 90+3-daqiqada Alexandro Garnacho g‘alaba to‘pini kiritdi. Boz ustiga, o‘yinga atigi uch daqiqa qo‘shib berilgandi.
18 yoshli yigit uchun bu Premyer-ligadagi birinchi gol. Garchi. U allaqachon “Manchester Yunayted” safida Chempionlar ligasida gol urishga erishgan. “Xetafe” va “Atletiko” tarbiyalanuvchisi ikki yil oldin Manchesterga kelgan va britaniyaliklarga 420 ming funtga tushgandi. Garnacho Ispaniya yoshlar terma jamoasida o‘ynagan bo‘lsada, u Argentinaning kattalar terma jamoasiga chaqirilgan.
Bruno Fernandesh
“Manchester Yunayted” yarim himoyachisi
“Garnachoda ulkan isteʼdod bor. O‘zining mehnatsevarligi va isteʼdodi bilan zaxiradan maydonga tushganida o‘yin kuchaytira oladi. Bu o‘yinga birinchi marta katta taʼsir o‘tkazayotgani yo‘q. Biz u uchun juda xursandmiz va bilamizki, u gol urishi va golli uzatmani amalga oshirishi mumkin. Odatda futbolchilar zaxira o‘rindig‘ida qolishni yoqtirmaydi. U eng yaxshi futbolchilardan biri bo‘lishi mumkin”.
Umuman olganda, Garnacho uchun bu uchrashuv Premyer-ligadagi beshinchi va ushbu chempionatdagi uchinchisi bo‘ldi. Hujumchi joriy yilning aprel oyida Ralf Rangnik qo‘l ostida debyut qilgandi. “Sky Sports” tahlilchisining taʼkidlashicha, Garnacho Premyer-ligada gol urgan “Manchester Yunayted”ning eng yosh to‘rtinchi futbolchisiga aylandi. Undan avvalroq Frederiko Macheda (17 yosh, 227 kun), Denni Uelbek (17 yosh, 355 kun) va Markus Reshford (18 yosh, 120 kun) qayd etilgan. Garnacho Premyer-ligadagi debyut golini urgan paytda 18 yoshu 136 kunlik edi.
Premyer-ligadagi debyut golidan so‘ng jamoadoshlar birgalikda Garnachoni tabriklashdi.
O‘yindan so‘ng “Sky Sports” eksperti (“Manchester Yunayted”ning sobiq himoyachisi) Gari Nevill gol Krishtianu Ronalduning bir vaqtlar “Fulhem” darvozasigi urgan to‘piga juda o‘xshashligini taʼkidladi: “Men Ronaldu necha yil oldin bu yerda gol urganini eslayman. O‘shanda ham “Manchester Yunayted” g‘alaba qozondi”, — deydi Nevill.
“Yunayted” muxlislari uchun ko‘proq xushxabar, insayder Fabritsio Romanoning taʼkidlashicha, klub allaqachon hujumchi bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Transfermarkt xabariga ko‘ra, futbolchining amaldagi shartnomasi kelasi yozda yakuniga yetadi.
Xullas, “MYU” “Fulhem” ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng 26 ochko jamg‘ardi va jamoa ayni damda turnir jadvalida beshinchi o‘rinni egallab turibdi.







