Polshaga qulagan raketa Ukrainaga tegishli ekani aytilmoqda
NATO davlatlari holat yuzasidan batafsil tekshiruv zarurligini aytdi.

AQSH rasmiylarining dastlabki maʼlumotlariga ko‘ra, seshanba kuni Polsha sharqida qulagan raketa Ukraina qurolli kuchlari tomonidan uchirilgan. Bu haqda AQSH maʼmuriyati vakillariga tayanib, Associated Press axborot agentligi maʼlum qildi.
Agentlik maʼlumotlariga ko‘ra, Ukraina raketasi Rossiya raketasini urib tushirish uchun uchirilgan.
Avvalroq Polshaning Ukraina bilan chegarasidagi Prjevoduv qishlog‘i hududiga kelib chiqishi nomaʼlum raketa qulagani, natijada ikki kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi.
Shundan so‘ng, rasmiy Varshava mamlakatdagi ayrim harbiy qismlarning jangovar tayyorgarligini oshirishga qaror qildi.
NATOning ko‘plab davlatlari voqea yuzasidan xavotir bildirdi, shuningdek, batafsil tekshiruv zarurligi qayd etilgan.
Avvalroq AQSH razvedkasi raketalar Moskva tomonidan Ukrainada uchirilgan, biroq Polsha hududiga tushgan, deb xabar tarqatgan edi. Pentagon esa bu maʼlumotni tasdiqlamadi.
Rossiya Mudofaa vazirligi Polsha ommaviy axborot vositalari va rasmiylarining bayonotlarini vaziyatni keskinlashtirish maqsadida “qasddan qilingan provokatsiya” deb atadi.







