“Jahon chempionati Benzemasiz qiziq o‘tmaydi”
Muxlislar futbolchining mundialda ishtirok etolmasligiga munosabat bildirishdi.

19-noyabr kuni Qatardagi jahon chempionati Karim Benzemasiz o‘tishi maʼlum bo‘ldi. "Oltin to‘p" sohibi jarohati sabab turnirni o‘tkazib yuboradi. Shuning uchun Karim uchinchi jahon chempionatida ishtirok etolmaydi. Dastlab u 2010-yilda JARda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatini o‘tkazib yuborgandi. O‘shanda Raymond Domenek hujumchini jamoaga qabul qilmagandi. 8 yildan keyin esa Rossiyada o‘tgan chempionatda ham ishtirok etmadi. Karim Mate Valbuena bilan bog‘liq janjalga aralashib qolganligi sababli, bir necha yilga terma jamoadan chetlashtirilgandi.
Matbuotda bu haqda nimalar yozildi?
Fransuz matbuotida Pogba, Kante, Kimpembe va Nkunkularning jarohatlarini inobatga olib, Benzemaning yo‘qligi katta zarba ekanligi haqida juda ko‘p yozildi. Amaldagi jahon chempionlari murabbiylar shtabida hali Benzemaning o‘rniga yangi futbolchini chaqirish imkoniyati mavjud.
“MaxiFoot”: “Benzemani JCH-2022da ko‘rish haqidagi so‘nggi umidlar puchga chiqdi. Tekshiruv natijasida futbolchining son qismidan jarohat borligi aniqlangan. Bu xabarni o‘qib yig‘lagim keladi. Fransiya terma jamoasi turnir boshlangunga qadar yana bir yetakchi futbolchisidan ayrildi. Oldinroq jamoaga Kante, Pogba va Kimpemba yordam bermasligi malum bo‘lgandi”.
“Sports.orange.fr”: “JCH-2022 boshlanishi oldidan Fransiya terma jamoasi uchun katta zarba. Bir necha hafta davomida futbolchini bezovta qiluvchi jarohat bor edi. Biroq, undan qutilishning iloji bo‘lmadi. Qayg‘uli xabar hali ham bizni tark etgani yo‘q. Fransiya o‘zining eng yaxshi futbolchisini yo‘qotdi, garchi biz oxirgi lahzagacha boshqacha natijaga umid qilgandik”.
“Sports.fr”: “Benzemaning jahon chempionatida o‘ynash umidi bor edi, lekin u amalga oshmadi. 2010 va 2018 yillarda jahon chempionatini o‘tkazib yuborgan futbolchi uchun dahshatli zarba. U kamida uch hafta maydonga tushmaydi. Nazariy jihatdan Benzema terma jamoada qolishi va final uchrashuvlarida ishtirok etishi mumkin edi. Desham jarohatlangan futbolchilarni tarkibda saqlab qolishni istamadi”.
“LʼEquipe”: “Benzema jahon chempionatini o‘tkazib yuboradi. Uning tiklanishi kamida uch hafta davom etadi. Fransiya jamoasini hayratga solgan maxsus xabar. Kante, Pogba, Menan, Kimpembe, Nkunku va endi Benzema. Bunday xabarlar fonida jamoa qanday harakat qilishini tushunish kerak. Benzemada Platini va Zidan kabi futbolchilar bilan bir qatorda turish imkoniyati bor edi. U bitta orzusini amalga oshirdi va “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritdi. Ammo aql bovar qilmaydigan muvaffaqiyatdan keyin eng dahshatli jarohat paydo bo‘ldi”.
Ijtimoiy tarmoqlardagi muxlislar bir necha guruhlarga bo‘lingan. Kimdir Benzemaning jarohatidan chin dildan afsusda, kimdir Fransiya usiz ham barchasining uddasidan chiqishiga ishonmoqda.
Equilibrio: “Men bu jahon chempionatini Karimsiz ko‘rishni tasavvur qila olmayman. Benzema, Mane, Salah, Holand, Donnarumma, Alaba, Aubameyang, Nkunku yoki Kantesiz jahon chempionati FIFA uchun ham katta yuqotish. Bu yil “Oltin to‘p”ga daʼvogarlar qatorida bo‘lgan futbolchilarning taxminan 40 foizi turnirda ishtirok etmaydi”.
Xalandron: “Pogba jarohat olgan, Kante jarohatlangan, Nkunku jarohatlangan va hozir Benzema ham shu holatga duch keldi. Dunyodagi eng ahmoqona chempionat”.
Sturna: “Benzemaning yo‘qligi jahon chempionatini tomosha qilishga bo‘lgan barcha qiziqishimni o‘ldirdi. Men musobaqada hech kimga muxlislik qilmayman”.
Etikev: “Karim oxirgi imkoniyatini qo‘ldan boy berganini anglashi qiyin bo‘lsa kerak”.
Bilash Banerji: “Tashvishlanishga arzimaydi. To‘rt yil avval Fransiya Benzemasiz jahon chempioni bo‘lgan”.







