Sport

“Siz sakkizinchi odamsiz...” — sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmatida asabi taranglar ishlaydimi?

Zamon.uz terma jamoa o‘yinida ketgan noqonuniy reklama yuzasidan masʼullarga bog‘landi, ammo...

“Siz sakkizinchi odamsiz...” — sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmatida asabi taranglar ishlaydimi?

 

Kecha Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Rossiyaga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuv 0:0 hisobidagi natija bilan yakun topdi.

 

O‘yin davomida bukmekerlik kompaniyasi reklamasi namoyish etildi. Bu orqali jonli efirda o‘yinni kuzatayotgan millionlab auditoriyaga ham qimor reklamasi targ‘ibot qilindi (rasmda targ‘ibot bo‘lib qolmasligi uchun reklamaning ayrim qismlari o‘chirilgandi). Tabiiyki, bu ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

 

Mazkur holat yuzasidan biror masʼul tashkilot hozirga qadar lom-lim demadi. Olti soat davomida izlanishlarimiz natijasi o‘laroq (masʼul tashkilotlar telefon raqamlarini ko‘tarmadi, ko‘targanlari ham boshqa manzilga tushganimizni aytishdi), Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘landik. Salom-alikdan so‘ng, maqsadga o‘tdim. O‘zining Behruz Xursanov deb tanishtirgan masʼul xodimning kayfiyatida keskin o‘zgarish paydo bo‘ldi: “Siz sakkizinchi odamsiz, nimaga endi “Paxtakor” stadioni, Futbol assotsiatsiyasi yoki boshqa tashkilot emas, vazirlik javob berishi kerak. Siz men aytgan tashkilotlarga telefon qiling izoh so‘rang, agar berishmasa men aytaman, berishadi”, deya gapimizni oxirigacha ham tinglay, qator tashkilotlarni sanab ketdi...

 

Shundan so‘ng, “Paxtakor” stadioni bilan bog‘lanishga urindik. Biroq saytda yozib qo‘yilgan telefon raqamga qo‘ng‘iroq qilganimizda boshqa joyga tushganimizni aytishdi. Keyin esa, Futbol assotsiatsiyaga telefon qildik. Ular ayni damda matbuot xizmatida ushbu masala yuzasidan izoh beradigan masʼul ayni paytda ishxonada yo‘qligini maʼlum qilishdi.

 

Aslida, «Reklama to‘g‘risidagi» qonunning 46-moddasiga ko‘ra, qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar, shu jumladan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda tashkil etiladigan qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar reklamasiga yo‘l qo‘yilmaydi. Biroq kecha kimdir bilib-bilmay qonunni buzdi. bunga munosabatga kelganda esa otangga bor, onangga bor qabilida ish tutilmoqda.

“Siz sakkizinchi odamsiz...” — sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmatida asabi taranglar ishlaydimi? | Zamon.uz