Qatar-2022: Futbolchilarning asosiy yordamchisi haqida eshitdingizmi?
“Al Rihla”ning siz bilmagan xususiyatlari.

2022-yil 30 mart kuni FIFA 2022-yilgi jahon chempionatining to‘pini taqdim etdi. Tashkilot oldin futbol to‘pining tasvirini eʼlon qildi va unda Qatarning bir qator shaharlari tartibsiz joylashgani aks etgan. To‘pga “Al Rihla” nomi berildi, bu arabcha “sayohat” degan maʼnoni anglatadi.
To‘pni FIFA bilan ko‘p o‘n yillar davomida yaqindan hamkorlik qilib kelayotgan “Adidas” kompaniyasi yaratgan. Nemis kompaniyasi 1970 yillardan beri jahon chempionatlari uchun to‘p ishlab chiqaradi. Hozirgisi esa mutaxasislarning aytishicha avvalgilaridan mutlaqo farq qiladi.
“Bu “Adidas”dan ajoyib, bardoshli va yuqori sifatli to‘p”, — dedi Jan-Fransua Pati, FIFA marketing bo‘yicha direktori. Bu Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatidagi yulduzlarga ham, butun sayyoramizdagi futbolchilarga ham yoqadi. Ushbu to‘pning sayohati turnirning ajoyib o‘tishini ifodalaydi va muxlislarga musobaqani yuqori kayfiyatda tomosha qilish uchun yaxshi imkoniyat yaratadi.
To‘p “Adidas” laboratoriyalarida shamol tunnellari yordamida, shuningdek, maydonda sinchkovlik bilan sinovdan o‘tkazilgan. “Al Rihla” qisman yangi panel shakli va sirt tuzilishi tufayli eng yuqori darajadagi aniqlik va ishonchlilikni taʼminlaydi.
To‘pning asosiy dizayn xususiyati “CTR-Core” texnologiyasiga tegishli. Bu aniqlik va izchillikni oshiradigan innovatsion usuldir. To‘pning shakli havo bosimiga moslashish bilan birga tez va aniq o‘ynashga yordam beradi. “SpeedShell” texnologiyasi mikro va makro-teksturali poliuretan sharli qobiqdir. Panellarning shakli 20 qismdan iborat. Ular parvozdagi aniqlik va barqarorlikni oshirish uchun aerodinamikani yaxshilaydi.
“O‘yinlar tezlashmoqda. Bu esa to‘plarga bo‘lgan sifat darajasini ham oshirmoqda” — deydi “Adidas” futbol grafikasi va kiyim dizayni bo‘yicha direktori Fransiska Lo‘ffelman. Yangi dizayndagi to‘p havoda harakatlanayotganda sezilarli darajada yuqori tezlikni saqlab qolish imkonini beradi. Dunyodagi eng yirik sport tadbiri uchun biz yuqori innovatsiyalar yordamida imkonsiz narsani yaratishga muvaffaq bo‘ldik. Kompaniya hozirgi kunga qadar eng tez va aniq to‘pni yaratdi”.
To‘p atrof-muhitni o‘rgangan holda yaratilgan. “Al Rihla” Qatar madaniyati, meʼmorchiligi va bayrog‘idan ilhomlangan. Marvarid fonidagi qalin, yorqin ranglar jahon chempionatiga mezbon mamlakatni va o‘yinning tobora ortib borayotgan tezligini anglatadi.
Bundan tashqari, “Connected Ball” texnologiyasi ham qo‘llanilgan. U VAR rasmiylariga real vaqtda to‘p haqida aniq maʼlumot beradi. Hakamlar misli ko‘rilmagan darajadagi maʼlumotlarni oladi, bu ularga tez va aniq qarorlar qabul qilish imkonini beradi. Bundan tashqari to‘p o‘yin davomida juda ham ko‘p kuzatiladigan ofsaydni aniqlashda yaxshi yordam bo‘lishi mumkin.
Hakamlar o‘yinchilarning to‘pga har bir teginishi bo‘yicha maʼlumotlarga ega bo‘ladi, bu esa ofsayd holatini aniqroq aniqlaydi. Texnologiya Arab kubogi va 2021 yilgi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida allaqachon sinovdan o‘tgan.
Nufuzli “The Athletic” nashri ismi oshkor qilinmagan professional darvozabon bilan birgalikda to‘pning xususiyatlarini baholadi. Xulosa: “To‘pning yopishqoq qoplamasi borligini his qildim. Baʼzida uni qo‘l bilan ushlayman deganingizda sirg‘anib ketadi”.
2010-yilgi jahon chempionati uchun ham kompaniya “Jabulani” nomli to‘plarni eʼlon qilgandi. Ushbu to‘p ham ko‘plab darvozabonlarning qattiq tanqidiga uchragandi. Chililik Klaudio Bravo buni plyaj to‘pi deb atagandi, inglizlar posponi Devid Jeyms qisqa qilib, “Dahshatli” degan tarifni aytgandi. Braziliyalik Julio Sezarning aytishicha, “Jabula”ni supermarketda xarid qilish mumkin bo‘lgan to‘pga o‘xshaydi.
“Atletik” nashrining taʼkidlashicha, “Al Rihla” havoda qandaydir dahshatli va oldindan aytib bo‘lmaydigan yunalishda parvoz qiladi. Ammo bu “Jabulani” kabi ekstremal emas. Hozirda hamma narsa ijobiy ko‘rinmoqda. “Al Rihla” JCH-2010 to‘pi kabi tanqidlarga uchramasligini esa vaqt ko‘rsatadi?







