“Faqat g‘alaba uchun jang qilaman”
26-noyabr kuni Bahodir Jalolov yana ringga ko‘tariladi.

26-noyabr kuni professional boksda o‘z faoliyatini davom ettirayotgan Olimpiada va jahon chempioni Bahodir Jalolov navbatdagi jangini o‘tkazadi. AQSHning Kaliforniya shtatida o‘tkaziladigan boks kechasida hamyurtimizga amerikalik Kyortis Harper raqiblik qiladi.
Jalolov Zamon.uz muxbirining mazkur jangga qanday tayyorgarlik olib borgani va bo‘lajak raqibi haqidagi savollariga javob berdi:
“Ushbu jangga tayyorgarlik juda yaxshi bo‘lyapti. Biz hozir Los Anjelesga kelganmiz. O‘n kun davomida Kaliforniyada joylashgan o‘zimizning eski bazamizda mashg‘ulotlarni olib bordik. Tayyorgarlik aʼlo darajada. Nasib bo‘lsa, yigirma oltinchi kuni faqat g‘alaba uchun jang qilaman”.
Mazkur boks kechasining asosiy jangi birinchi yarim o‘rta vazn toifasida vakant turgan WBC chempionlik kamari uchun Rejis Progreys va Xose Sepeda o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.
Bundan oldinroq, Bahodir Jalolov 15-oktabr kuni Liverpuldagi boks oqshomida jang qilishi aytilgandi. Biroq, Jalolovga raqib topilmadi va uning ishtirokidagi jang bekor bo‘ldi. Bokschi so‘nggi jangini iyun oyida o‘tkazib, unda belgiyalik Jek Mulovayini muddatidan avval mag‘lub etgandi. Kyortis Harper esa oxirgi marta iyul oyida ringga chiqib, Kristian Tun ustidan g‘alabaga erishgan. Bahodir Jalolov professional boksda o‘n bitta jang o‘tkazib, ularning barchasida nokaut evaziga g‘alaba qozongan. Amerikalik Harper yigirma ikkita jangning o‘n to‘rttasida muvaffaqiyat qozongan bo‘lsa, sakkizta jangda raqiblariga imkoniyatni boy bergan.







