Morata: “Germaniya mundial favoritlaridan biri”
Futbolchi nemislarga qarshi o‘yin haqida gapirdi.

Ispaniya terma jamoasi va “Atletiko” hujumchisi Alvaro Morata Qatarda bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatida Germaniyaga (1:1) qarshi o‘yinni sarhisob qildi.
“Bu ajoyib jamoa, ularda yaxshi imkoniyat bor edi va ular undan foydalanishdi. Eng yaxshi futbolchilarimizga bosim o‘tkazishdi va bu jamoada jahon chempionatida g‘alaba qozonish imkoniyati yuqori. Biz ishlashda davom etishimiz va barchasiga jiddiy qarashimiz kerak”, — deya Morataning so‘zlaridan “Marca” nashri iqtibos keltirdi.
Eslatib o‘tamiz, Morata ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushganidan so‘ng Germaniya darvozasiga gol urdi.
Ispaniya ikki turdan keyin 4 ochko bilan “E” guruhida peshqadamlik qilmoqda. Germaniya esa bir ochko bilan to‘rtinchi o‘rinda. Ikkinchi o‘rinda Yaponiya (3), uchinchi o‘rinda Kosta-Rika (3) joylashgan.







