Andrik o‘zi kim?
U shunchalik kuchli futbolchimi?

Hamma jahon chempionati haqida gapirayotgan bir paytda Ispaniyada aqldan ozgan transfer amalga oshirildi. 16 yoshli Andrik uchun Yevropaning ko‘plab top klublari, jumladan, “Barselona”, “PSJ” va “Chelsi” kurashdi. Ammo futbolchi “Real”ni tanladi. Fabritsio Romanoning so‘zlariga ko‘ra, futbolchi ispanlarga 72 million yevroga tushmoqda. Shundan 60 million yevro “Palmeyras”ga tovon puli, yana 12 million yevro boshqa to‘lovlardir.
Braziliyalik futbolchi bir yarim yildan so‘ng, 2024 yilning yozida, 18 yoshga to‘lganda “Real”ga o‘tadi. Ungacha u “Palmeyras”da o‘ynashda davom etadi. “Real” bilan shartnoma 2030 yilgacha mo‘ljallangan. Kelishuv keyinroq eʼlon qilinishi kutilmoqda.
Klublar yosh futbolchi uchun qanday kurashdi?
Andrikning otasi shu yilning noyabr oyida “Real Madrid” bazasiga tashrif buyurish rejalari haqida gapirdi. “Sky Sports” jurnalistining taʼkidlashicha, Andrikni “Manchester Yunayted” seleksionerlari bir necha bor jamoaga taklif qilgan. “Barselona” bosh murabbiyi Xavi bu futbolchiga muhtoj ekanini ochiq aytgan va kataloniyaliklar ham uning otasi bilan muzokara olib borgan. “O Globo” xabariga ko‘ra, “PSJ” Andrik uchun 50 million yevro to‘lashga va shu bilan birga 15 yoshli Estevinyo uchun yana 30 million yevro berishga tayyor bo‘lgan.
Biroq yosh hujumchi “Real”ga o‘tadi. Ko‘rinib turibdiki, bunda klubning bosh skauti Huni Kalafatning xizmati katta bo‘lgan. U Madridga o‘tish zarurligiga futbolchilarni ishontirishda katta tajribaga ega. Aynan Kalafat Vinitsius va Valverdeni “Real”ni tanlashga ko‘ndirgan. Shuningdek, Rodrigoni ham 13 yoshida jamoaga olib kelgan. U shuningdek, “Real Madrid” prezidenti Peresni Matteys de Ligtni emas, balki Militaoni sotib olishga ko‘ndirgan.
Andrikning “Real”ga o‘tishiga yana bir sabab Krishtianu Ronalduga muxlisligi bo‘lishi mumkin. Andrikning otasi Nossa intervyusida shunday dedi: “O‘g‘lim:” Dada, men Krishtianu kabi bo‘lishni xohlayman dedi. Andrik, xuddi Krishtianu kabi, qiyinchiliklarda katta bo‘lgan”, — dedi futbolchining otasi. Aytgancha, Andrik yaqinda Ronaldu uslubida gollardan birini nishonladi.
Andrik qanchalik zo‘r?
U endigina 16 yoshda va u allaqachon yuqori darajasida gol urmoqda. Yaqinda “Palmeyras”da o‘ynagan eng yosh futbolchiga aylandi (16 yosh, 2 oy va 15 kun). Ko‘p o‘tmay (2022 yil oktabr oyida) u Braziliya chempionatida gol urdi va 1978 yildan beri oliy ligada eng yosh to‘purarga aylandi.
Andrik chapaqay. U “Palmeyras” bilan Braziliya chempionligini qo‘lga kiritdi.
Andrik allaqachon Braziliya chempionatining to‘laqonli yulduziga aylangan. Uning nomi muxlislar tomonidan tarannum etilmoqda. Hozirda u Braziliya terma jamoasining yoshlar va o‘smirlar terma jamoasidan takliflar olgan.







