Inglizlarning kashfiyotiga nomzodlar ko‘paydi
Yakuniy qaror kutilyapti.

Angliya terma jamoasi va Dortmundning “Borussiya” klubi yarim himoyachisi Jud Bellingem qishki transfer oynasidayoq klubini o‘zgartirishi mumkin. Bu haqda “Daily Mail” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, 19 yoshli futbolchining “Borussiya” bilan shartnomasi 2025 yilgacha bo‘lishiga qaramay, jahon chempionatidan so‘ng klubni tark etish istagini nemis jamoasi rahbarlariga maʼlum qilgan. Shu bilan birga, dortmundliklar Bellingemning narxini pasaytirmoqchi emas va uning uchun 150 million yevro talab qilmoqda.
Avvalroq, angliyalik futbolchi uchun “Real”, “Chelsi”, “PSJ” va “Manchester Siti” klublari ham kurashayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Bellingem joriy mavsumda Dortmundning “Borussiya” klubi safida 22 ta o‘yinda maydonga tushib, 9 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Qatardagi jahon chempionatida yarim himoyachi to‘rtta o‘yinda bitta gol urdi va bitta golli uzatmani amalga oshirdi.







