Mundiallarda boshqa ko‘rinish bermaydigan yulduzlar
Zamon.uz ularning barchasi haqida batafsil maʼlumotlarni taqdim etadi.

Lionel Messi JCH-2022 finali uning faoliyatidagi so‘ngi jahon chempionati o‘yini bo‘lishini allaqachon tasdiqlagan. Katta ehtimol bilan, zamonaviy futbolning yana bir super yulduzi Krishtianu Ronaldu bilan birga terma jamoalar uchun asosiy bo‘lgan turnirda ishtirok etmaydi. Afsuski, Messi va Ronaldu davri tugayapti. Ammo, 2022 yildan keyingi jahon chempionatida boshqa ko‘plab top-futbolchilar o‘ynamasligi yana-da achinarli. Aynan shuning uchun ularga Qatarda o‘tayotgan mundial so‘nggi imkoniyat hisoblanardi.
Argentina: Nikolas Otamendi, Anxel Di Mariya, Papu Gomes
Nafaqat Messi, balki Argentina terma jamoasining kamida yana uch nafar futbolchisi jahon chempionatlari bilan xayrlashishi mumkin. Agar Leo hozir 35 yoshda bo‘lsa, Otamendi, Di Mariya va Gomes 34 yoshda. Boz ustiga, ularning barchasi 1988 yilning fevral oyida tug‘ilgan, shuning uchun 2026 yilgi jahon chempionatida ularning har biri 38 yoshga to‘ladi.
Portugaliya: Pepe
Temir o‘yinchi deb ataladigan Pepe ham yaqin yillarda faoliyatini tugatish arafasida turibdi. Markaziy himoyachi ham xuddi Ronaldu kabi jahon chempionatidagi so‘nggi o‘yinini o‘tkazdi. Bir necha oydan keyin u 40 yoshga to‘ladi. Pepe JCH-2022da yaxshi ishtirok etdi: to‘rtta to‘liq o‘yin o‘tkazdi, pley-offda Shveysariya darvozasini ishg‘ol qildi.
Ekvador: Enner Valensiya
Guruh bosqichidagi Ekvador qahramoni ham keyingi jahon chempionatida o‘ynashi dargumon. Terma jamoa sardori 33 yoshga to‘lgan. Lekin, uning jangovar xislatlari va ajoyib gollari barchaning yodida qoladi. Valensiya Qatarga qarshi kechgan o‘yinda dubl qayd etib, Gollandiya bilan bahsda ekvadorliklarni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
Angliya: Kayl Uoker, Kiran Trippiyer, Jordan Xenderson
Angliya terma jamoasi 2022 yilgi jahon chempionatida g‘alaba qozonish uchun haqiqiy daʼvogarlardan biri edi. Jamoaning mundialni tark etishi uchta futbolchi uchun alamli bo‘lgan bo‘lishi aniq. Uoker, Trippiyer va Xenderson to‘rt yildan keyin 36 yoshga to‘ladi. “Tottenhem” himoyachisi va “Liverpul” yarim himoyachisi chindan ham pley-offda ajoyib o‘yin namoyish etishdi. Uoker Kilian Mbappeni to‘xtatib qolgan bo‘lsa, Xenderson Senegal darvozasiga gol urdi.
Uels: Ueyn Xennessi, Garet Beyl
Uelslik futbol yulduzi Garet Beyl uchun bu uning faoliyatidagi birinchi va oxirgi jahon chempionati edi. Beyl amerikaliklar darvozasiga penaltidan gol urib, bor kuchini sarfladi. Lekin, har bir o‘yinda Garetdan moʻjiza kutib bo‘lmaydi. Beyl bilan birgalikda Uels terma jamoasining asosiy darvozaboni 35 yoshli Xennessi jahon chempionatlari bilan xayrlashishi aniq.
Meksika: Gilermo Ochoa
Meksikalik darvozabonning so‘nggi jahon chempionatlarida ko‘rsatgan moʻjizalariga o‘rganib qolganmiz. 2026 yilning yozida Gilermo 41 yoshga to‘ladi. Albatta, darvozabonlar, qoida tariqasida boshqa futbolchilardan ustun turadi. Sababi, ular bu yoshda ham bemalol futbol o‘ynashi mumkin.
Polsha: Komil Glik, Robert Levandovski
Levandovskining o‘zi ham jahon chempionatlari bilan xayrlashdi shekilli. To‘rt yildan so‘ng polshalik to‘purar deyarli 38 yoshga to‘ladi. Bu yoshda Robertga jismoniy shaklini ushlab turishdagi ajoyib qobiliyati ham yordam bermasa kerak. U JCH-2022da ikkita gol urdi. 34 yoshli himoya yetakchisi Glik ham jahon chempionatlarida boshqa o‘ynamasligi mumkin.
Daniya: Kasper Shmeyxel, Simon Ker
Daniya terma jamoasi Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatining eng omadsiz jamoalaridan biriga aylandi. Terma jamoa bilan birgalikdagi 36 yoshli Shmeyxel va 33 yoshli Ker ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi. To‘rt yildan so‘ng ularning o‘rnini Daniya terma jamoasi safida keyingi avlod futbolchilari egallashi aniq.
Fransiya: Ugo Loris, Olive Jiru
Ugo Loris, Olive Jiru Fransiya terma jamoasining asosiy darvozaboni va tarixdagi eng yaxshi to‘purari. Ular Qatarda o‘zlarining so‘nggi jahon chempionatlarini o‘tkazishmoqda. Jiru allaqachon 36 yoshga to‘ldi, Lloris esa 35 yoshda. Isteʼdodlarga boy Fransiya 2026 yilgi jahon chempionatida ularning xizmatlariga muhtoj bo‘lmaydi, menimcha.
Kosta-Rika: Keylor Navas
Kosta-Rika terma jamoasining afsonaviy darvozaboni jahon chempionatlarida ajoyib o‘yinlar ko‘rsatgan. Albatta, Navas uchun faoliyatidagi so‘nggi jahon chempionatida Ispaniyadan yetti, Germaniyadan to‘rtta gol o‘tkazib yuborish yoqimsiz bo‘ldi. Ammo Yaponiya ustidan qozonilgan g‘alaba Navas uchun yoqimli xotira bo‘lib qoldi.
Germaniya: Manuel Noyer, Tomas Myuller
Noyer va Myuller bir bor jahon chempionligini qo‘lga kiritishdi. Oxirgi ikki jahon chempionati Germaniya uchun omadsiz bo‘ldi. Qatarda 36 yoshli Noyer ham, 33 yoshli Myuller ham kutilgan natijani bermadi. 2026 yilgacha forvard bilan darvozabon terma jamoa asosiy tarkibiga kira olmaydi.
Ispaniya: Xordi Alba, Sezar Aspilikueta, Serxio Buskets
Buskets 34 yoshida ikkinchi marta jahon chempionati oltin medalini qo‘lga kiritish imkoniyatini yo‘q qildi. Ammo 33 yoshli Alba va Aspilikueta jahon chempioni bo‘la olmagan. 2026 yilgi jahon chempionatida bu uchlikni ko‘rmasligimiz mumkin. Sababi, yaqinda Beskets terma jamoadagi faoliyatini tugatganini maʼlum qildi. Aspilikueta Qatarda unchalik foydali o‘yin ko‘rsatmadi. Alba esa Kosta-Rika va Germaniya darvozasiga gol urdi.
Belgiya: Yan Vertongen, Tobi Alderveyreld, Aksel Vitsel, Eden Azar, Dris Mertens
Belgiyaliklar 2026 yilgi jahon chempionatidagi o‘yinini hisobga olgan holda tarkibni yoshartirishlari kerak. “Oltin” avlod futbolchilari terma jamoa bilan hech narsa yutmasdan faoliyatlarini yakunlashmoqda. 35 yoshli Vertongen va Mertens hamda 33 yoshli Vitsel va Alderveyreldlar uchun bu turnir, ehtimol, faoliyatidagi so‘nggi jahon chempionati bo‘ldi. Azar 31 yoshda, agar xohlasa, 2026 yilgi jahon chempionatida qatnashishi mumkin edi, ammo u termadagi faoliyatini tugatganini maʼlum qildi.
Xorvatiya: Deyan Lovren, Domagoy Vida, Luka Modrich, Ivan Perishich
Xorvatlar ikki marta jahon chempionatida g‘alaba qozonishga yaqin kelishdi. Ammo eng iqtidorli avlodga ham omad kulib boqmadi. Navbatdagi jahon chempionatida “shashkachilar” bu bosqichga yetib kelishi dargumon. Chunki, jamoa ajoyib dirijyor Modrichsiz o‘ynashga to‘g‘ri keladi. Luka allaqachon 37 yoshga to‘ldi. Lovren, Vida va 33 yoshli Perishich ham to‘rt yildan keyin terma jamoaga yordam berishmasa kerak. Vida hattoki JCH-2022ni zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazdi.
Braziliya: Dani Alves, Tiago Silva
Ikki ajoyib braziliyalik himoyachi jahon chempioni bo‘lmasdan faoliyatini yakunlamoqda. JCH-2022 39 yoshli Dani Alves va 38 yoshli Tiago Silva uchun so‘nggi imkoniyat bo‘ldi.
Kamerun: Erik Choupo-Moting
Kamerunlik hujumchi kuzda “Bavariya”ning asosiy hujumchisi va to‘purariga aylandi. Shunday qilib, 2022 yilgi jahon chempionatiga jamoaning haqiqiy yulduzi sifatida bordi. Ammo Qatardagi turnirda u Kamerun tarkibida faqat bitta samarali harakatni amalga oshirdi. Yaʼni Serbiya terma jamoasi darvozasiga gol urdi. Uning faoliyatida boshqa jahon chempionatlari bo‘lmasa kerak. Shupo-Moting 33 yoshda, U 2026 yilgi jahon chempionatiga chiqish qiyin.
Serbiya: Dushan Tadich
Serbiya terma jamoasi ham afsuski, JCH-2022da muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Bugungi jamoaning ko‘pchiligi JCH-2026da yana bir imkoniyatga ega bo‘lishi mumkin, biroq sardor Tadich bundan mustasno. U allaqachon 34 yoshni to‘ldirdi. JCH-2022da yarim himoyachi ikkita golli uzatmani amalga oshirdi.
Urugvay: Diyego Godin, Martin Kaseres, Luis Suares, Edinson Kavani
Urugvaylik afsonaviy futbolchilar 2022 yilgi jahon chempionatida jahonni zabt etishga urinib ko‘rishdi. Biroq o‘z jamoasining guruhdan chiqishiga yordam bera olishmadi. 36 yoshli Godin, 35 yoshli Suares, Kavani va Kaseres 4 yildan keyin terma jamoada o‘ynamasligi mumkin.







