AQSH Guterrishni Rossiyaga yon berishda aybladi
Vashington BMTning Ukrainaga Eron dronlari bo‘yicha maxsus guruh yubormaganidan norozi.

AQSH BMT Bosh kotibini Rossiya tahdidlariga yon berishda aybladi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Ushbu ayblov tashkilotning Ukrainada Eron dronlari rus armiyasi tomonidan foydalanilayotgani bo‘yicha tekshiruv o‘tkazmaganligi ortidan yangradi.
“BMTning ushbu qonun buzilishlari bilan bog‘liq surishtiruvlar o‘tkazish bo‘yicha hech qanday qadamlarni tashlamaganidan afsusdamiz. Kotibiyatning Rossiya tahdidlariga ko‘nib, o‘z mandatidan foydalanmaganidan hafsalamiz pir bo‘ldi”, – degan AQSHning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Robin Vud 19 dekabrda bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida.
Bir qator davlatlar BMTni Kiyevga surishtiruv o‘tkazuvchi guruh jo‘natishni so‘ragandi. G‘arb va Ukraina Rossiyani Eron dronlaridan foydalanishda ayblamoqda.
O‘z navbatida, RF va Eron bu ayblovlarni rad etib kelmoqda.







