Qashqadaryoda soxta aviachipta sotuvchi shaxs ushlandi
U Telegram orqali fuqarolarni chuv tushirgan.

Qashqdaryo viloyatining Kasbi tumanida soxta aviachiptalar bilan savdo qiluvchi shaxsh ushlandi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Yo.M. ariza bilan murojaat qilib, uning o‘g‘li Rossiya Federasiyasiga mavsumiy ishchi bo‘lib ketmoqchi ekanligi, ammo Тelegram messenjerida noma’lum shaxs unga onlayn aviachipta olib berishiga ishontirib, 3.500.000 so‘m pullarini bank kartasiga o‘tkazib olganidan so‘ng noma’lum tarzda g‘oyib bo‘lganligini bildirib, ushbu pullarni qaytarib olishda va noma’lum shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida firibgarlik yo‘li bilan pullarni o‘zlashtirgan shaxs Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida yashovchi 1997-yilda tug‘ilgan Sh.A. ekanligi aniqlangan.
Sh.A. turli ijtimoiy tarmoqlarda onlayn aviachipta sarlavhasi ostida soxta e’lonlar joylashtirib, firibgarlik yo‘li bilan fuqarolarning pullarini o‘zlashtirganligi ma’lum bo‘lgan.
Hozirda Sh.A.ga nisbatan O‘zR. JKning 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.








