O‘tgan yilning eng foydali futbolchilari
Ular orasida Mbappe yaqqol peshqadam.

2023-yil ham kirib keldi. Biz bugun o‘tgan yilning eng sermahsul futbolchilarini ajratib ko‘rsatmoqchimiz. Quyida milliy chempionat, yevrokuboklarda va milliy terma jamoa rasmiy o‘yinlarida eng ko‘p gol urgan yoki golli uzatmani amalga oshirgan futbolchilar haqida maʼlumotga ega bo‘lishingiz mumkin.
Kilian Mbappe, “PSJ” va Fransiya
Statistika: 54 uchrashuv (53 gol + 19 golli uzatma).
24 yoshli futbolchi o‘tgan yilni ajoyib o‘tkazdi. Samarali harakatlari bilan birga beshinchi marta Fransiya chempioni, hattoki JCH-2022 to‘purari (sakkizta gol) bo‘ldi va Fransiya termasi bilan jahon chempionatining kumush medallarini qo‘lga kiritdi. 2022/2023-yilgi mavsumda “PSJ” forvardi barcha turnirlarda 20 ta o‘yinda maydonga tushib, 19 ta gol va 5 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
Robert Levandovski, “Bavariya”, “Barselona” va Polsha
Statistika: 50 uchrashuv (42 gol + 14 golli uzatma).
Polyak futbolchisi joriy mavsumda 10 marta Germaniya chempioniga aylandi. “Barselona”ga o‘tganidan keyin Levandovski 19 ta o‘yinda 18 ta gol urdi. JCH-2022da hujumchi ikkita gol urdi va bitta golli uzatmani amalga oshirdi. Robert Levandovski “Oltin butsa-2022” sovrindori hisoblanadi.
Kristofer Nkunku, “RB Leypsig” va Fransiya
Statistika: 56 uchrashuv (37 gol + 19 golli uzatma).
Kristofer Nkunku JCH-2022ni jarohat sabab o‘tkazib yubordi. U Fransiya terma jamoasi safida Millatlar ligasida oltita o‘yinda atigi ikkita golli uzatmani amalga oshirdi. Hujumkor yarim himoyachi Germaniya kubogi finalida ham gol urishga erishdi va jamoasiga g‘alaba keltirdi. Kristofer Nkunku joriy mavsumda barcha musobaqalarda 23 o‘yinda 17 ta gol va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Mehdi Taremi, “Portu” va Eron terma jamoasi
Statistika: 50 ta uchrashuv (35 ta gol + 21 ta golli uzatma).
Bu yil Mehdi Taremi Portugaliya chempioniga aylandi. Hujumchi o‘tgan mavsumda juda kuchli o‘yin namoyish etdi. Joriy mavsum Chempionlar ligasining beshta o‘yinida 5 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida eronlik futbolchi Angliya termasi bilan o‘yinda dubl, Uelsga qarshi bahsda dubl qayd etdi. Taremi joriy mavsumda 22 o‘yinda 15 gol va 8 golga assistentlik qilgan.
Lionel Messi, “PSJ” va Argentina
Statistika: 47 uchrashuv (25 gol + 29 golli uzatma).
Argentina terma jamoasi sardori jahon chempioni bo‘ldi, Finalissima chempionligi va Fransiya Superkubogini qo‘lga kiritdi. Lionel Messi JCH-2022da 7+3 ko‘rsatkichini qayd etdi. Bu mavsumda u “PSJ” safida ko‘proq gol ura boshladi. Uning hisobida 19 ta o‘yinda 12 ta gol va 14 ta golli uzatma bor.
Harri Keyn, “Tottenhem” va Angliya
Statistika: 59 o‘yin (33 gol + 15 golli uzatma).
Angliya terma jamoasi sardori JCH-2022da ikkita gol urdi va uchta golli uzatmani amalga oshirdi. Turnirda urilgan gollar evaziga Harri Keyn terma jamoadagi gollari soni bo‘yicha Ueyn Runiga yetib oldi. Hujumchi joriy mavsumda “Tottenhem” safida APLda 16 ta o‘yinda maydonga tushib, 13 ta gol urgan.
Neymar, “PSJ” va Braziliya
Statistika: 38 o‘yin (28 gol + 20 golli uzatma).
Braziliyalik futbolchi JCH-2022da ikkita gol urdi va bitta golli uzatmani amalga oshirdi. 2022-yilda Neymar Fransiya chempionligi va Superkubogini qo‘lga kiritdi. 2022/2023 yilgi mavsumni ajoyib boshladi. U barcha musobaqalarda 20 ta o‘yinda 15+12 natija qayd etdi. To‘pig‘idan olgan jarohati tufayli hujumchi jahon chempionatida Shveysariya va Kamerun bilan o‘yinlarni o‘tkazib yubordi.
Kodi Gakpo, “PSV” va Gollandiya terma jamoasi
Statistika: 51 o‘yin (26 gol + 22 golli uzatma).
23 yoshli vinger 2022-yilgi jahon chempionatining yorqin yulduziga aylandi. Kodi Gakpo Senegal, Ekvador va Qatar darvozasiga gol urdi, ammo chorak finalda omadi yurishmadi. Joriy mavsumda gollandiyalik futbolchi mahalliy chempionatning 14 uchrashuvida 9 ta gol urdi va 12 ta golli uzatmani amalga oshirdi. 2022-yilda Kodi Niderlandiyada yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi, futbolchi allaqachon “Liverpul” bilan shartnoma imzolagan.
Erling Holand, “Borussiya Dortmund”, “Manchester Siti” va Norvegiya
Statistika: 39 uchrashuv, (40 gol + 7 golli uzatma).
Norvegiyalik futbolchi “Manchester Siti”da bir qator rekordlar o‘rnatmoqda. U APLning 13 o‘yinida 18 ta gol urdi va 3 ta golga assistentlik qilgan. Chempionlar ligasining 4 ta o‘yinida 5 ta golga muallif bo‘ldi. Erling Holand 2022 yilda to‘rtta xet-trik qayd etdi, ulardan uchtasi Premyer-ligada. Norvegiya terma jamoasi safida hujumchi Millatlar ligasining olti uchrashuvida oltita gol urdi va bitta golli uzatmani amalga oshirdi.
Kevin De Bryuyne, “Manchester Siti” va Belgiya
Statistika: 52 ta uchrashuv (18 ta gol + 28 ta golli uzatma).
Yarim himoyachi JCH-2022da omadli ishtirok etolmadi. De Bryuyne 2022/2023 yilgi mavsumni 20 o‘yinda 3 ta gol va 15 ta golli uzatma bilan boshladi. O‘tgan yili belgiyalik futbolchi Angliya chempioni bo‘ldi va “France Football” talqini bo‘yicha “Oltin to‘p” uchun ro‘yxatda uchinchi o‘rinni egalladi. Terma jamoa uchun Kevin Millatlar ligasining beshta uchrashuvida ikkita gol urdi va bitta golli uzatmani amalga oshirdi.







