“PSJ” yetakchilarining biridan qutulmoqchi
Bu safar klubning niyati jiddiy.

“PSJ” Neymarni 2023 yilning yozida 100 million yevroga sotishga tayyor. Bu haqda “Sport.es” nashri xabar berdi. Parijliklar asosiy eʼtiborni Lionel Messi va Kilian Mbappega berib, sport loyihasini isloh qilish niyatida. Bundan tashqari, klub ish haqini qisman tushirishga qarshi emas. Neymarning mavsumiga 40 million yevrolik shartnomasidan qutulish bunga yordam beradi. “PSJ” uchun katta xarajatlar hech qachon muammo bo‘lmagan. Sababi jamoaning asosiy daromad manbalari juda ko‘p. Ammo Neymar bilan xayrlashish klubning foydasiga ishlamasligi mumkin. Braziliyalik futbolchi bu mavsumda ajoyib o‘yin ko‘rsatmoqda. Neymar 2022 yilda “gol+pas” tizimi bo‘yicha 52 ochko to‘plagan (42 o‘yinda 32+20). Mbappe va Messi ko‘proq 56 o‘yinda 73 (56+17) va 51 uchrashuvda 65 (35+30). Ammo braziliyalik futbolchining o‘yini hali ham ajoyib. Neymar o‘zini ikkita super yulduzli jamoada yo‘qotib qo‘ygani yo‘q. Yilning ikkinchi yarmida u pleymeyker sifatida yaxshi o‘yinlar ko‘rsatdi.
Neymar joriy mavsumda barcha turnirlarda 21 ta o‘yinda maydonga tushib, 15 ta gol urdi va 13 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Futbolchi 1-ligada 15 ta o‘yin o‘tkazib, 11 ta gol va 10 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Forvard ajoyib rekord o‘rnatdi: Neymar Yevropaning top-5 ligalarida (APL, La Liga, Bundesliga, A Ceriya, Liga 1) kamida 10 ta gol urgan va 10 ta golli uzatmani amalga oshirgan birinchi futbolchiga aylandi. Neymar Mbappe va Messining o‘yinida asosiy vositachi ham bo‘lishi mumkin. Braziliyalik futbolchi “Goal” nashriga ko‘ra, Leo, Kilian, Erling Holand va Robert Levandovski bilan birga “Oltin to‘p”ga daʼvogarlar beshligidan joy olgan. Ajablanarlisi shundaki, braziliyalik hujumchi “PSJ”da nominal uchinchi hujumchidir.
Neymar bilan xayrlashish rejalarini faqat ahmoqlik deb atash mumkin. “PSJ” albatta uning o‘rniga yana bir yulduz futbolchi oladi. “ESPN” asosiy nomzod sifatida “Liverpul”dan Muhammad Salohni ko‘rsatmoqda. Klub uning uchun taxminan 100 million yevro to‘lamoqchi. Lekin nima uchun allaqachon mukammal ishlayotgan mexanizmni yo‘q qilish kerak? Saloh bilan bir xil saviyadagi futbolchining transferi borasida kelishib bo‘lmasligi ham ayon.
Neymar “PSJ”ni tark etishni istamayapti
“PSJ” Neymarni 2017 yilning yozida “Barselona”dan 222 million yevro evaziga jahon futbol rekordi evaziga sotib olgandi. O‘yinchining shartnomasi 2026 yilgacha amal qiladi va yana bir mavsumga uzaytirish imkoniyatini o‘z ichiga oladi. Klub o‘tgan yozda Neymarni sotishga harakat qilgandi. O‘shanda braziliyalik hujumchi Mbappe bilan ziddiyatga tushib qolgandi. Sababi shartnoma uzaytirilganidan keyin Kilianga kadrlar masalasida alohida vakolatlar berilgan. Mbappe “PSJ” Neymardan qutulishini xohlardi. Braziliyalik futbolchi uchun jamoa 150 million yevro so‘rashgan, ammo maʼlum bo‘lishicha, hech kim buncha pul to‘lashga tayyor emas. 100 million yevroga baholanayotgan futbolchini ko‘pgina top jamoalar sotib olishi mumkin. Ayniqsa, 2022/2023 yilgi mavsumda 30 yoshli hujumchi jarohatlardan to‘la qutildi va ajoyib statistika ko‘rsatdi. “Chelsi”, “Manchester Siti” va “Manchester Yunayted” kabi premyer-liganing top klublari doimo Neymarga qiziqish bildirgan.
“PSJ” sport direktori Luis Kampos braziliyalik futbolchini tarkibda saqlab qolmoqchi bo‘ldi va Kilianning jamoadoshiga nisbatan pozitsiyasini yumshatish uchun ko‘p ish qildi. Kampos, bosh murabbiy Kristof Galtiyer va prezident Nosir Al-Xelayfi Mbappe va Neymar bilan bir necha marta yuzma-yuz uchrashishdi. Shunda ular o‘zaro yaxshi munosabatda bo‘lishlikka kelishib olishdi. Hozircha hammasi joyida.
“Marca” xabariga ko‘ra, Neymarning o‘zi Mbappe bilan kelishmovchiliklarni hisobga olsa ham, “PSJ”dan ketishni istamaydi. Birinchidan, moliyaviy sabablarga ko‘ra: boshqa klub ham xuddi shunday zo‘r sharoitlarni taqdim eta olmaydi. Biroq, braziliyalik hujumchi Parijda yashash va Galtiyer qo‘l ostida o‘ynashni ham yoqtiradi. Neymar 2017 yildan buyon “PSJ” tarkibida 165 ta o‘yinda 115 ta gol urgan va 73 ta golli uzatmani amalga oshirgan. So‘nggi paytlarda Neymar yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda. U joriy mavsumda o‘rtacha har bir o‘yinda deyarli 1,5 ta samarali harakat qilmoqda. Bunday buyuk futbolchini sotish noto‘g‘ri bo‘ladi.







