Davlat Bobonov dunyoning eng yaxshi dzyudochisi bo‘lishi mumkin
Sportchi ayni damda nomzodlar orasiga kiritilgan.

Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) 2022-yilning eng yaxshi dzyudochisi bo‘lishga nomzod sportchilarni eʼlon qildi. Ahamiyatlisi, unda hamyurtimiz Davlat Bobonov “Yilning eng yaxshi erkak dzyudochisi” nominatsiyasining nomzodlari orasida eʼtirof etilgan.
Reglamentga ko‘ra, ovoz berish jarayoni 12-31 yanvar kunlari “awards.ijf.org” platformasida bo‘lib o‘tadi. G‘olib 5 fevral kuni Parij “Katta dubulg‘a” turniri doirasida eʼlon qilinadi. Davlat Bobonovga bu borada yana 4 nafar dzyudochi raqiblik qiladi: Tato Grigalashvili (Gruziya), Endi Granda (Kuba), Sogbatar Send-Ochir (Mo‘g‘uliston), Xifumi Abe (Yaponiya).
Eslatib o‘tamiz, Bobonov 2022-yil davomida Parij “Katta dubulg‘a” turniri va Konya-2021 Islom birdamligi o‘yinlarida bronza, Ulan-Bator “Katta dubulg‘a” turnirida kumush va Toshkentda o‘tgan jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan.







