Soledar va Baxmutning sunʼiy yo‘ldoshdan olingan tasvirlari eʼlon qilindi
Ushbu shaharlar Ukrainadagi frontning eng “qaynoq” nuqtalari bo‘lib turibdi. Soledar bir necha bor qo‘ldan-qo‘lga o‘tgani aytilmoqda.

Maxar Technologies aerokosmik kompaniyasi Ukrainaning Soledar va Baxmut shaharlarining sunʼiy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarini eʼlon qildi.
Tasvirlarga ko‘ra, Soledarda turarjoylar va maktab binolari vayron qilingan. Baxmutda esa yo‘l bo‘yi va dalalarda portlash oqibatida ulkan chuqurliklar paydo bo‘lgan.
Soledar va Baxmut frontning eng qaynoq nuqtasi bo‘lib turibdi. Tahlilchilarning fikricha, har ikki shahar qo‘ldan-qo‘lga o‘tishda davom etyapti.
Bundan oldin “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi egasi Yevgeniy Prigojin Soledar egallanganini maʼlum qilgandi. Ammo bu Ukraina qurolli kuchlari tomonidan inkor qilindi. Buyuk Britaniya harbiy razvedkasi ham shaharda janglar davom etayotganini qayd etgan.
Prigojin o‘z navbatida Soledar konlaridan birida tushgan suratlarini eʼlon qildi. Ammo RF mudofaa vazirligining kunlik brifingida shahar bosib olingani haqida hech qanday maʼlumot keltirilmagan. Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarni rasmiy axborotni kutishga chaqirgan.







