Endi maktab o‘quvchilariga 64 xil kasb o‘rgatiladi
Bugun Prezident raisligida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, davlat rahbari xalqqa murojaatnomasida «ijtimoiy davlat» tamoyiliga alohida e’tibor qaratgan edi. Bunga erishishning asosi, birinchi navbatda, ta’lim. Shu bois murojaatnomada maktab o‘quvchilarini kamida ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish ustuvor vazifa etib belgilangan.
Ta’kidlanishicha, maktablardagi sifat hali talab darajasiga chiqqani yo‘q. Masalan, 11 yil maktabda o‘qigan bola chet tilini mukammal bilmaydi. Sharoit va mutaxassislar yo‘qligi sababli yoshlarni kasblarga qiziqtirish muhiti shakllanmagan. Maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo‘lmasdan kirib kelmoqda.
Shu bois yig‘ilishda xorijiy tillarni o‘qitish sifatini oshirish va o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish masalalari muhokama qilindi.
«Maktabdan kasb va tilni bilib chiqqan bola jamiyatimizning katta yutug‘i, bilmagani muammo», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu tajribani joriy etish uchun har bir viloyatdan bittadan shahar va ikkitadan tuman tanlab olingan. Ulardagi 2 mingdan ortiq maktablarning sharoiti, pedagoglar malakasi, o‘quvchilarning kasb-hunar va xorijiy tillarga qiziqishi o‘rganilgan.
Endi tuman va mahallalarning xususiyatidan kelib chiqib, o‘quvchilar maktabning o‘zida 64 xil ishchi kasblarga o‘rgatilishi ko‘zda tutilmoqda.







