“Yuventus” sud qaroridan keyin rasmiy bayonot berdi
Klub sanksiyalarga qarshilik bildirmoqda.

“Yuventus” rasmiy veb-saytida bayonot eʼlon qilindi. Unda ular klubga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar ustidan apellyatsiya berish niyatida ekanliklarini bildirgan.
“Klub sanksiyalarning sabablari eʼlon qilinishini kutmoqda. “Sport adolati to‘g‘risida”gi kodeks doirasida bu ko‘rib chiqilishi kerak”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq, Federal apellyatsiya sudi Italiya futbol federatsiyasi prokurorining klub faoliyatidagi moliyaviy qoidabuzarliklar uchun “Yuventus”ga qarshi ishni qayta boshlash haqidagi iltimosini qanoatlantirgandi.
“Yuventus” joriy mavsum Italiya chempionatida 15 ochkodan mahrum bo‘ladi. Shu tariqa, 22 ochkoga ega bo‘lgan turinliklar A Seriya turnir jadvalida 10-o‘ringa tushib ketadi.
Turin klubi noqonuniy kapitalni qo‘lga kiritganlikda ayblanmoqda: futbolchilarning transfer narxini oshirib yuborish, shuningdek, xodimlarning narxini kamaytirib ko‘rsatish va futbolchilar maoshining haqiqiy hajmini yashirish.
Bungacha “Yuventus” 37 ochko bilan turnir jadvalida uchinchi o‘rinda edi.







