Farg‘onada homilador ayol mashinada o‘zini yoqib yubordi
Marhumaning yong‘in natijasida tug‘ilgan o‘g‘il jinsli chaqalog‘ining hayoti saqlab qolingan. Biroq shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan zarur tibbiy yordamga qaramasdan chaqaloq shifoxonada vafot etgan.

2023 yil 24 yanvar kuni soat taxminan 19:00 larda fuqaro M.U. “Matiz” rusumli avtomashina boshqaruvida homilador turmush o‘rtog‘i (sharʼiy nikoh asosida) 1987 yilda tug‘ilgan M.X.ni shifoxonadan yashash xonadoniga olib ketayotgan vaqtida, turmush o‘rtog‘i uni rashk qilib, og‘zaki janjallashib qoladi.
M.U. turmush o‘rtog‘i bilan gaplashib olish maqsadida, avtomashinani Farg‘ona shahridagi “Neftchi” stadioni ro‘parasida to‘xtatgan.
Shu vaqtda, avtomashina orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan M.X. (ayol) o‘zi bilan uyidan olib chiqqan plastmassa idishdagi benzin yoqilg‘isini dastlab turmush o‘rtog‘i M.U.ni, keyinchalik esa o‘zini va avtomashina saloni ichiga sepib, yoqmoqchi bo‘lgan.
Turmush o‘rtog‘ining ushbu harakatidan qo‘rqib ketgan M.U. avtomashinadan tushib, tashqariga qochgan vaqtda M.X. yondirgich (zajigalka) bilan o‘zini va avtomashinani yoqib yuborgan.
Chaqiruvga asosan hodisa joyiga yetib kelgan Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan yong‘in tezkorlik bilan o‘chirilib, tez-tibbiy yordam bo‘limi xodimlari tomonidan avtomashina salonida bo‘lgan marhuma M.X.ning yong‘in natijasida tug‘ilgan o‘g‘il jinsli chaqalog‘ini hayoti saqlab qolingan.
Biroq shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan zarur tibbiy yordamga qaramasdan chaqaloq shifoxonada vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 103-moddasi 2-qismi “b” bandi (O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.







