Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga tashrifi chog‘ida maktablarda darslar onlayn olib boriladi
Prezidentning Bishkekka tashrifi chog‘ida poytaxtdagi maktablarning darslar vaqtiga o‘zgartirishlar kiritildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga tashrifi chog‘ida ayrim maktablarda darslar onlayn olib boriladi. Bu haqda Sputnik Qirg‘iziston xabar berdi.
Qayt etilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyevning Bishkekka tashrifi chog‘ida poytaxtdagi maktablarning darslar vaqtiga o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, bugun birinchi smenada darslar anʼanaviy, ikkinchi smenada esa onlayn tarzda o‘tkaziladi.
Ertaga, 27 yanvar kuni barcha o‘quvchilar onlayn o‘qishadi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlari o‘z faoliyatini odatdagidek davom ettiradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan 26-27 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonda bo‘ladi.
Ikki mamlakat yetakchilarining uchrashuvlari Bishkek shahrida bo‘lib o‘tadi. Oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston-Qirg‘iziston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlash masalalarining keng doirasi o'rin olgan.







