"Bugun biz qirg‘iz-o‘zbek chegarasini delimitatsiya qilishni yakunlayapmiz" — Sadir Japarov
Qirg‘iziston prezidenti yaxshi qo‘shnichilik aloqalari uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.

«Qirg‘iziston qardosh O‘zbekiston bilan yaxshi qo‘shnichilik ruhidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratadi. Biz uchun O‘zbekiston haqiqiy do‘st va ishonchli strategik sherikdir. Anʼanaga ko‘ra, uchrashuv ochiq va do‘stona ruhda o‘tadi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy qarama-qarshiliklar yo‘q.
Ikki mamlakat o‘rtasida parlamentlararo aloqalar izchil rivojlanib, ular davlatlararo munosabatlarda muhim o‘rin tutadi.
Bugun biz qirg‘iz-o‘zbek chegarasini delimitatsiya qilishni yakunlayapmiz. Bu haqiqatan ham tarixiy voqea. Biz muloqotga va o‘zaro maqbul yechimlarni izlashga tayyorligimizni namoyish etdik. Ishonchim komilki, chegaralar masalasiga chek qo‘yib, biz kelajak avlodlarimiz kamolotiga mustahkam poydevor qo‘yamiz», — dedi Qirg‘iziston prezidenti.
Qirg‘iziston prezidenti yaxshi qo‘shnichilik aloqalari uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.
«Muhtaram Shavkat Miromonovich, qirg‘iz-o‘zbek chegarasini delimitatsiya qilish bo‘yicha muhim masalalarni hal etishda Sizning beqiyos hissangiz borligini qayd etmoqchiman.
Davlat tashrifi doirasida shartnomani ratifikatsiya yorliqlarini almashish orqali bunday muhim voqea taʼminlanishi alohida eʼtiborga molik. Shuningdek, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolaymiz va shu orqali munosabatlarimizni misli ko‘rilmagan darajaga olib chiqamiz», — Sadir Japarov.







