JCH-2022. Sakkizta terma jamoa bosh murabbiysiz qolmoqda
Sobiq murabbiylar o‘rniga nomzodlar qidirilmoqda.

Bir oy oldin Qatarda jahon chempionati yakunlangan edi. O‘shandan beri turnirda ishtirok etgan sakkizta jamoa bosh murabbiysiz qolgan, yana to‘rttasida esa ketish ehtimoli yuqori ekanligi aytilgan. Quyida ushbu o‘zgarishlar haqida maʼlumotga ega bo‘lishingiz mumkin.
Ronald Kuman Lui van Gal o‘rniga
Van Gal terma jamoani 2021-yilning avgustidan beri boshqarib kelayotgandi. Bu uning terma jamoa murabbiyligiga uchinchi bor kelishi edi. Van gal qo‘l ostida Gollandiya terma jamoasi 20 ta o‘yin o‘tkazib, 14 ta g‘alabaga erishdi va atigi bir marta mag‘lub bo‘ldi. JCH-2022 chorak finalida Argentinaga penaltilar seriyasida yutqazib qo‘ydi.
Lui van Gal
Gollandiya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi
“Biz yil davomida penaltilar ustida juda yaxshi ishladik. Ammo yakunda baribir mag‘lubiyatga uchradik. Men o‘yinchilardan klublarda penalti tepishni so‘radim va ular buni amalga oshirdi. Ammo dastlabki ikki penaltini aniq amalga oshirmasangiz, g‘alaba qozonishning iloji bo‘lmaydi. Asosiy vaqtdagi penalti shubhali bo‘ldi deb o‘ylayman”.
Sobiq murabbiyning o‘rnini Ronald Kuman egalladi. Bu uning Gollandiya terma jamoasiga uchinchi bor saylanishi edi. “Barselona”ning sobiq murabbiyi terma bilan 2026-yilning 31-iyuligacha shartnoma imzoladi. Kuman boshchiligidagi Gollandiya terma jamoasining eng yaxshi natijasi Millatlar ligasining 2018/2019 yilgi mavsumi finali hisoblanadi.
Fernandu Santush Cheslav Mixnevich o‘rniga
Cheslav Mixnevich Polsha terma jamoasi bosh murabbiyi sifatidagi 11 oy davomida 13 o‘yindan 5 tasida mag‘lub bo‘ldi. Uning qo‘l ostida polshaliklar Belgiyaga ikki marta (1:6 va 0:1), Gollandiyaga bir marta (0:2) mag‘lub bo‘lishdi. JCH-2022da esa guruhda Argentina (0:2) va 1/8 finalda Fransiyaga (1:3) mag‘lub bo‘ldi. “ZET” radiosi xabariga ko‘ra, Mixnevich Robert Levandovskining telefon qo‘ng‘irog‘idan so‘ng ishdan bo‘shatilgan. Fernandu Santush Mixnevichdan farqli ravishda terma jamoa darajasidagi yutuqlarga ega: 2016-yilda u Portugaliya bilan Yevropa chempioni bo‘ldi, 2018/2019-yilgi mavsumda esa Millatlar ligasida g‘olib chiqdi. Insayder Fabrisio Romanoning so‘zlariga ko‘ra, portugaliyalik murabbiy 2026 yilning yoziga qadar shartnoma imzolagan.
Roberto Martines Fernandu Santush o‘rniga
Fernandu Santushning Portugaliya terma jamoasi bilan erishgan muvaffaqiyati yuqorida aytib o‘tildi. Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida uning jamoasi chorak finalga qadar yetib bordi va u yerda Marokashga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Fernandu Santush
Portugaliya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi
“Men terma jamoadan yorug‘ yuz bilan ketyapman. Terma jamoa ustozi bo‘lish sharaf. Barcha maqsadimga erishdim. Shu vaqt davomida birga ishlagan barcha futbolchilarga rahmat aytmoqchiman. Men har doim jamoaning g‘alaba qozonishiga yordam beradigan qarorlarni qabul qilganman. Endi men jamoa haqida qayg‘uradigan millionlab muxlislardan biri bo‘laman”.
Martines Portugaliya terma jamoasi bilan 2026-yilning 31 iyuligacha shartnoma imzoladi. Belgiyaning “Oltin” avlodi bilan olti yil ichida ispaniyalik murabbiy JCH-2018 bronza medalini qo‘lga kiritdi. Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida belgiyaliklar hatto guruhdan ham chiqa olishmadi.
Fuente Luis Enrike o‘rniga
Luis Enrike Ispaniya terma jamoasini 2019-yilning noyabridan buyon boshqarib kelayotgan edi. U bilan birga jamoa Yevro-2020da bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Millatlar ligasi finalida Fransiyaga yutqazdi va Qatardagi Jahon chempionatida 1/8 finalda penaltilar seriyasida Marokashga mag‘lub bo‘lishdi. Enrike boshchiligidagi jamoa 39 o‘yinning 21 tasi g‘alaba qozondi va 7 marta mag‘lubiyataga uchrashdi.
Luis Enrike o‘rnini 18, 19 va 21 yoshgacha bo‘lgan Ispaniya terma jamoalarining sobiq bosh murabbiyi Luis de la Fuente egalladi. U 2015 va 2019-yillarda mamlakat o‘smirlar va yoshlar terma jamoalari bilan Yevropa chempioni bo‘lgan. Bundan tashqari, murabbiy boshchiligidagi Ispaniya terma jamoasi Tokio-2020 Olimpiadasining kumush medali sovrindoriga aylandi. De la Fuente lavozimga tayinlaganidan keyingi ilk intervyularidan birida Serxio Ramosning terma jamoaga qaytishi mumkinligini inkor etmadi.
Yana qaysi jamoalar murabbiysiz qoldi?
Jahon chempionatida mezbonlar guruhda so‘nggi o‘rinni egallagani uchun Feliks Sanches Qatar bosh murabbiyi lavozimidan ozod etildi.
Ekvador terma jamoasi
Gustavo Alfaro Ekvador terma jamoasini tark etdi. Isteʼfoga chiqish to‘g‘risidagi qaror tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosida qabul qilingan. JCH-2022da uning jamoasi “A” guruhida Qatarni ortda qoldirib, uchinchi o‘rinni egalladi.
Eron terma jamoasi
Karlush Keyrush ijtimoiy tarmoq orqali milliy terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini maʼlum qildi.
Meksika terma jamoasi
Xerardo Martino Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yindan so‘ng Meksika terma jamoasi bosh murabbiyligidan isteʼfoga chiqdi. O‘yin tugaganidan so‘ng murabbiy shartnomasi tugagani maʼlum qilgandi. Meksika terma jamoasi 1994 yildan beri birinchi marta guruhdan chiqa olmadi.
Braziliya terma jamoasi
Tite boshchiligida Braziliya terma jamoasi ikkinchi marta chorak final bosqichida to‘xtadi. JCH-2022da turnir favoritlari Xorvatiyaga penaltilar seriyasida yutqazib, murabbiysiz qoldi. Lekin Braziliya Belgiya bilan birga FIFA reytingida kuchli 5-o‘rindan joy olgan.
Gana terma jamoasi
Otto Addo Gana terma jamoasini 10 oy davomida boshqardi. Qatardagi jahon chempionatida uning jamoasi guruhdan chiqa olmadi va faqat Janubiy Koreyani mag‘lub etdi.
Janubiy Koreya terma jamoasi
Paulo Bento 1/8 finalda Braziliyaga mag‘lub bo‘lgach, Koreya terma jamoasidagi faoliyatini yakunlaganini eʼlon qildi. U 2010-yildan beri jahon chempionatida Portugaliyani mag‘lub etgan birinchi murabbiyga aylandi.
AQSH terma jamoasi
5 yanvar kuni Gregg 1991-yildagi zo‘ravonlik ishi bo‘yicha tergov olib borilgani sababli o‘z ishidan chetlatildi. Uning yordamchisi Entoni Gudson vaqtinchalik bosh murabbiy etib tayinlandi. U AQSHning 20 yoshgacha bo‘lgan terma jamoasi, Bahrayn va Yangi Zelandiya terma jamoasida ishlagan va 2021 yilda Greggning birinchi yordamchisiga aylangandi.







