Jon Stouns jarohati sabab bir oyga safdan chiqdi
Murabbiy futbolchining holati haqida maʼlumot berdi.

“Manchester Siti” bosh murabbiyi Pep Gvardiola himoyachi Jon Stounz Angliya kubogi 1/16 finalida “Arsenal”ga qarshi o‘yinda olgan jarohati tufayli bir oygacha maydonga tusha olmasligini aytdi.
“Stounz uch-to‘rt hafta maydonga tushmaydi. Afsuski, u baʼzi o‘yinlarda qatnashmaydi, biroq bir necha haftadan so‘ng qaytadi”, — deya Gvardiolaning so‘zlaridan “Goal” nashri iqtibos keltirdi.
28 yoshli Stounz 2016 yildan buyon “Manchester Siti” safida to‘p suradi. Himoyachi joriy mavsumda barcha turnirlarda 18 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Tomonlar o‘rtasidagi kelishuv 2026 yilda yakuniga yetadi.
“Manchester Siti” Angliya Premyer-ligasining 20 ta o‘yinida 45 ochko to‘plagan holda turnir jadvalida peshqadam “Arsenal”dan 5 ochko ortda qolmoqda.







