Isko “Konyaspor” bilan shartnoma imzolashi mumkin
Shuningdek, futbolchiga Qatar klubi ham qiziqish bildirmoqda.

“Konyaspor” ispaniyalik yarim himoyachi Isko bilan shartnoma imzolashi mumkin. "Marca" nashrining xabariga ko‘ra, klub rahbariyati “Real”ning sobiq futbolchisi bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Shuningdek, futbolchiga Qatar klubi ham qiziqish bildirmoqda. Biroq, Iskoning Qatarga o‘tishi dargumon.
30 yoshli futbolchi yanvar oyida “Union” bilan kelisha olmadi va “Sevilya”dan ketganidan keyin ham erkin agent maqomida qolmoqda.
Joriy mavsumda Isko La Ligada 12 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Eslatib o‘tamiz, Isko “Sevilya” bilan 2022-yilning avgustida erkin agent sifatida shartnoma imzolagan edi. O‘sha yilning dekabr oyida ispaniyalik futbolchi bilan tuzilgan shartnoma bekor qilindi. “Sevilya” bosh murabbiyi Xorxe Sampaolining so‘zlariga ko‘ra, Isko shartnoma imzolashda unga bildirilgan umidlarni oqlamagan.







