Suriyadagi zilzila qurbonlari soni 237 kishiga yetdi
Shuningdek, kamida 639 kishi jarohat olgani aytilmoqda.

Bu haqda tass xabar bermoqda.
Maʼlumotlarga ko‘ra, kamida 639 kishi jarohat olgan. Qayd etilishicha, halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning aksariyati Latakiya, Aleppo, Xama va Tartus provinsiyalarida qayd etilgan. Avvalroq Suriya matbuoti 111 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.
Suriyaning Damask nazorati ostida bo‘lmagan hududlarida qurbonlar, vayronalar yoki vayron bo‘lgan binolar haqida maʼlumotlar yo‘q.
O‘z navbatida, SANA agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, Respublika Mudofaa vazirligi «zilziladan jabr ko‘rgan aholiga zudlik bilan yordam ko‘rsatish, vayronlar ostida qolganlarni qidirish va evakuatsiya qilish uchun mamlakatning barcha viloyatlaridagi o‘z bo‘linmalari va tuzilmalarni safarbar qilmoqda».
«Bu hali aniq raqam emas va qutqaruv ishlari davom etar ekan, qurbonlar soni ortishi mumkin», — dedi Arab Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri yordamchisi Axmed Dumeyriya.
O‘z navbatida, Suriya transport vazirligi mamlakatning shimoliy hududlarida temir yo‘l aloqasi to‘xtatilganini maʼlum qildi.
«Yo‘l va ko‘prik konstruksiyalariga zarar yetishi mumkinligini hisobga olib, ehtiyot chorasi sifatida poyezdlar harakati to‘xtatildi», – deyilgan xabarnomada.
Al Hadath maʼlumotiga ko‘ra, Aleppo, Idlib, Latakiya va Xama provinsiyalarida o‘nlab odamlar qulagan binolar ostida qolib ketgan. Qutqaruv ishlari kuchli yomg‘irga qaramay davom etmoqda.







