Sport

Qatarlik investorlar yaqin kunlarda Manchester klubini sotib olish taklifi bilan chiqishadi

Qatar amiri ushbu jamoaga muxlislik qiladi.

Qatarlik investorlar yaqin kunlarda Manchester klubini sotib olish taklifi bilan chiqishadi

 

Qatarlik investorlar yaqin kunlarda “Manchester Yunayted”ni sotib olish taklifi bilan chiqishadi. Bu haqda “Daily Mail” nashri xabar berdi. Ular aksiyalarning bir qismini sotib olishdan manfaatdor emas. Investorlar klubni to‘liq sotib olishni o‘ylamoqda.

 

Xabar qilinishicha, potensial xaridorlar Erik ten Xagga klubni Angliya futboli cho‘qqisiga qaytarish uchun katta transfer budjetini berishga tayyor bo‘lishadi.

 

Shuningdek, sarmoyadorlarning Old Trafford stadionini rekonstruksiya qilish ishlarini olib borish istagi borligi qayd etilgan. Ular klubni sotib olish, stadionni taʼmirlash va jihozlarni yangilash uchun taxminan 8 milliard funt sarflashlari kutilmoqda.

 

Qatar amiri Tamim bin Hamad Ol Tani Manchester “Yunayted”ga muxlislik qiladi. U klub tarixini juda yaxshi biladi. 2011 yilda Al Tani allaqachon “Gleyzers”ga 1 milliard funt sterlingdan ko‘proq pul taklif qilib, “Yunayted”ning aktivlarini sotib olishga urinib ko‘rgan edi, ammo rad javobini olgan. O‘sha yili qatarliklar “PSJ”ning 70% ulushini sotib olishgan.

 

“Manchester Yunayted”ni sotib olishda qatarliklarning asosiy raqobatchisi sifatida Buyuk Britaniyaning eng boy odami va klubning uzoq yillik muxlisi Jim Ratkliff ko‘rsatilgan.

 

Qatarlik investorlar yaqin kunlarda Manchester klubini sotib olish taklifi bilan chiqishadi | Zamon.uz