AQSH osmonida nomaʼlum obyektlar nega ko‘paydi?
Pentagon buning sababini tushuntirdi.

Pentagon AQSH osmonida aniqlangan nomaʼlum uchar jismlar soni nima uchun ko‘payganini tushuntirdi.
Mudofaa vazirining yordamchisi Melissa Daltonning aytishicha, 4 fevral kuni Xitoy sharining urib tushirilishi bilan bog‘liq hodisadan so‘ng harbiylar Shimoliy Amerika ustidagi havo bo‘shlig‘ida kuzatuvni kuchaytirgan. Shu sababli havo hududida kezib yurgan obyektlar soni ko‘paygan. Yaʼni ular avval ham bo‘lgan, faqat havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari radarlariga tushmagan.
Daltonning taʼkidlashicha, bu obyektlar har doim ham xavfli emas va ularni yo‘q qilish qarorlari "haddan tashqari ehtiyotkorlik" bilan belgilanadi.
4 fevralda AQSH harbiylari Xitoy sharini Janubiy Karolina qirg‘oqlarida urib tushirgandan beri Shimoliy Amerika osmonida yana uchta obyekt aniqlanib, yo‘q qilingan. Ularning qaysi davlatga tegishli ekani rasman aytilmagan.







