“Chelsi”ning sobiq futbolchisi Kristian Atsu haqida nimalar maʼlum?
U kecha Turkiyadagi vayronalar ostidan jonsiz holatda topilgandi.

Futbolchi Kristian Atsu Turkiyadagi zilzila oqibatida vayronalar ostida vafot etdi. Zilziladan bir hafta vaqt o‘tgan bo‘lsada, kecha qutqaruvchilar uning jasadini topishdi. Futbolchi so‘nggi olti oy davomida geologik ofat tufayli jiddiy zarar ko‘rgan Antakya shahrining “Hatayspor” klubida o‘ynab kelayotgan edi. Baʼzi hududlar butunlay vayron bo‘lgan.
6-fevral kuni tushdan keyin “Hurriyet.com” portali Antakyada “Hatayspor”ning uch nafar futbolchisi vayronalar ostidan qutqarib olingani haqida xabar berdi. Shuningdek, murabbiylar shtabining ikki nafar aʼzosi ham bor edi. Shu bilan birga, Atsu va klubning sport direktori Taner Savutni qidirish davom ettirildi. 6-fevral oqshomida “A Bola” portali ganalik futbolchi vayronalar ostidan qutqarib olingani va oyog‘idagi jarohat va nafas olishida muammo sabab kasalxonaga yetkazilgani haqida xabar bergan edi. Keyinchalik maʼlumot klub tomonidan tasdiqlandi. 8 fevral kuni bu Atsu emasligi maʼlum bo‘ldi. Bu faqat unga o‘xshash odam bo‘lgan. Klub noto‘g‘ri maʼlumot uchun uzr so‘radi. Qidiruv davom ettirildi.
16-fevral kuni futbolchining agenti “BBC”ga bino vayron bo‘lgan paytda futbolchi bo‘lgan xona aniqlanganini aytdi. Ammo qidiruv juda sekin amalga oshirilgan. Qutqaruvchilar esa vayronalar ostida bir necha tirik odam borligini qayd etgan. Shu bilan birga, agent klubni vaziyatga befarqlik bilan qarayotgani uchun tanqid qilgan. Hamda futbolchining poyabzali topilganini qo‘shimcha qilgan. 18 fevral kuni esa Atsu o‘lik holda topildi. Sport direktori Taner Savut haqida esa maʼlumot yo‘q.
Yana dahshatli tafsilotlarni klub direktori Fotih Ilek maʼlum qildi. Aytilishicha, Atsu 5-fevral kuni oilasi bilan Fransiyaga chipta bron qilgan. Parvoz 23:00da bo‘lgan. Ammo yarim himoyachi jamoaning emotsional g‘alabasi va qo‘shimcha daqiqalarda o‘z darvozasiga kiritgan golidan keyin buni bekor qilgan. Shu tariqa 6 fevral kunga o‘tar kechasi zilzila sodir bo‘ldi.
Kristian Atsu kim?
Atsu “Portu” akademiyasi bitiruvchisi. Asosiy jamoada 10 tadan ko‘proq o‘yin o‘tkazgan. 2013-yilda uni “Chelsi” sotib oladi. Londonliklar darhol uni “Vitess”ga ijaraga beradi, u yerda yarim himoyachi tezda asosiy futbolchiga aylanadi. Shundan so‘ng Atsu bir necha bor London klubiga qaytgan, biroq biror marta ham rasmiy o‘yin o‘tkazmagan. Uni qayta-qayta boshqa jamoalarga — “Everton”, “Bornmut”, “Malaga”, “Nyukasl”ga ijaraga berishgan. Hikoya nihoyat 2017-yilda, “Nyukasl” futbolchini “Chelsi”dan 7,5 million yevroga sotib olganida tugadi.
U jamoada to‘rt yil o‘ynadi. Keyin Saudiya Arabistonida bir yil o‘ynab, Turkiya jamoasi safiga qo‘shilgandi. Atsu yozda klubni tark etishi kutilgan. Ganalik Fransiyaga uchishni rejalashtirganining sababi ham shu. U yerda yangi ish beruvchilar bilan muzokaralar olib borilishi kerak edi.
Turkiyadagi futbol haqida nima deyish mumkin?
Har qanday boshqa yirik sport tadbirlari kabi Superliga ham bekor qilindi. Ikki klub esa turnirni tark etishini allaqachon eʼlon qilgan. Bular Turkiyaning janubidagi “Hatayspor” va “Gaziantep” klublari ko‘p vayronagarchiliklar tufayli uy uchrashuvlarini o‘tkazish imkoni bo‘lmagani haqida xabar berishdi. Shu bilan birga, ular rasman ligada qolishadi, faqat qolgan o‘yinlarda 0:3 hisobidagi texnik mag‘lubiyat qayd etiladi. Shuningdek, mahalliy federatsiya ularga kelasi mavsumda oliy divizionga chiqish va moliyaviy yordamni kafolatlaydi.
Atsu vayronalar ostida halok bo‘lgan yagona futbolchi emas. Oldinroq “Yeni Malatyaspor” klubi darvozaboni Ahmet Turkaslan vafot etgani, Eron Paralimpiya terma jamoasining uch nafar futbolchisi – Mehdi Seyidaviy, Muhammad Riz Mirahmedi va Hamid Matrudiyning ham jasadi topilgani haqida xabar berilgandi. “Maraspor” jamoasi deyarli to‘liq tarkibda vayronalar ostida qolgan. Baʼzilari qutqarib olingan, ammo aksariyatining taqdiri hozircha nomaʼlum.







