Oliy Majlis palatalarining vakolatlari oshiriladi
Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 tadan 12 taga, Senatniki esa 14 tadan 18 taga ko‘paytirilmoqda.

Ayni daqiqalarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlashga masʼul bo‘lgan — Korrupsiyaga qarshi kurashish, sud-huquq masalalari hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Unda yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilyapti.
Parlament faoliyati bilan bog‘liq konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari qayta ko‘rib chiqildi. Bunda, Qonunchilik palatasi bilan Senatning birgalikdagi vakolatlari hamda har bir palataning alohida-alohida vakolatlari va masʼuliyat sohalari aniq belgilab berilmoqda. Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 tadan 12 taga, Senatniki esa 14 tadan 18 taga ko‘paytirilmoqda.
Ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, hududiy manfaatlarni ifodalovchi organ sifatida Senatning mahalliy vakillik organlari faoliyatiga ko‘maklashish kabi muhim vakolat Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilmoqda. Bundan tashqari, Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari sifatida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi har yilgi milliy maʼruzani eshitish belgilanmoqda.
“Bu ikkala palataning mazkur yo‘nalishdagi samarali hamkorligini taʼminlagan holda, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ijobiy o‘zgarishlar uchun mustahkam zamin yaratadi”, — deyiladi xabarda.
Yig‘ilishda kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror va «O‘zbekiston Respublikasi referendumi to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq masʼul qo‘mitalarning xulosasi qabul qilindi.







