Rossiya Belarusga yadro qurolini joylashtiradi
Putin bu Britaniyaning Ukrainaga tarkibida uran bo‘lgan snaryad yetkazib berishiga javoban amalga oshirilayotganini aytgan.

Rossiya Belarusda taktik yadro qurolini joylashtiradi. Bu haqda RF prezidenti Vladimir Putin “Rossiya 1” kanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu borada Aleksandr Lukashenko bilan allaqachon kelishuv bor. Rossiya rahbarining qayd etishicha, bu yadro qurolining tarqalishiga qarshi rejimning buzilishiga olib kelmaydi.
Bundan tashqari, Moskva Minskka tegishli bir necha harbiy samolyotni taktik yadro bombasi qo‘llashi uchun qayta jihozlagani taʼkidlangan. Bundan tashqari, Belarusga “Iskander” raketa komplekslari berilgan, bu tizimlar ham yadro zaryadlarini olib yurishi mumkin.
Putin Buyuk Britaniya Ukrainaga kam boyitilgan uranli snaryad yetkazib berishi ortidan ushbu qadam tashlanganini aytgan.
“Ammo bu hodisalar kontekstidan tashqarida ham Aleksandr Grigoryevich Lukashenko anchadan buyon Belarus hududida Rossiya taktik yadro qurolini joylashtirishni so‘rab keladi”, – deb qayd etgan u.







