Messi “PSJ”dan ketishga yaqin turibdi
Futbolchining agenti klub rahbariyati bilan muzokara o‘tkazmoqda.

Argentinalik hujumchi Lionel Messi joriy mavsum oxirida parijliklar safini tark etishi mumkin. Bu haqda “L‘Équipe” nashri xabar bermoqda. Manbaga ko‘ra, argentinalik futbolchi maoshini qisqartirishga rozi bo‘lsagina parijliklar tarkibida qoladi. Qayd etilishicha, Messining otasi va “PSJ” prezidenti Nosir Al-Xelayfi shartnomani uzaytirish shartlari bo‘yicha kelishib olishga harakat qilgan, biroq har safar bu qiyinlashib bormoqda. Xabarga ko‘ra, Messi “Barselona”ga qaytish variantiga qiziqmoqda, biroq ayni paytda Kataloniya klubi argentinalik hujumchi bo‘yicha “PSJ”ga rasmiy taklif bilan chiqqani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, Messi joriy mavsumda “PSJ” safida 24 ta o‘yinda maydonga tushib, 13 ta gol urdi va 13 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Uning klub bilan shartnomasi joriy mavsum oxirida yakuniga yetadi.







