Professional bokschilarimiz AQSHda jang o‘tkazadi
Meliqo‘ziyev revansh jangiga ishtirok etadi.

Olimpiya o‘yinlari kumush medali sohibi Bektemir Meliqo‘ziyevni bundan ikki yil muqaddam kutilmagan tarzda mag‘lubiyatga uchratgan meksikalik Gabriyel Rosado yana hamyurtimiz bilan jang o‘tkazadi. O‘zbekiston professional boks federatsiyasi Bektemir Meliqo‘ziyev — Gabriyel Rosadoning revansh jangi joriy yil 22 aprel kuni AQSHning Las-Vegas shahrida tashkil etiladigan boks oqshomida ro‘y berishini maʼlum qildi. Maʼlumot uchun, professional boksning eng o‘rta vazn toifasida 12 ta jang o‘tkazib, 11 tasida g‘alabaga erishgan Meliqo‘ziyev yagona mag‘lubiyatini aynan Rosadodan qabul qilib olgandi.
“Premier Boxing Championship” promouterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan boks oqshomining markaziy jangi yengil vazn toifasi vakillari Jervonta Devis — Rayan Garsiya o‘rtasida o‘tadi.
Hamyurtimiz Bektemir Meliqo‘ziyev so‘nggi jangini joriy yil 29 yanvar kuni amerikalik Ulises Serraga qarshi o‘tkazib, muddatidan avval zafar quchgan. Rosado esa oxirgi uchta jangida ringni boshi egik holatda tark etgan.
Eslatib o‘tamiz, Meliqo‘ziyev jangiga qadar professional bokschilarimizdan ikkinchi eng yengil vaznda WBA va IBF yo‘nalishlarida jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyev va eng yarim o‘rta vaznda jang olib borayotgan Isroil Madrimov 9 aprel tongida San-Antonio (AQSH)da ringga ko‘tariladi. Ahmadaliyev IBF yo‘nalishida filippinlik Marlon Tapalesga, Madrimov esa amerikalik Rafael Igbokvega qarshi bahs olib boradi.







