“Buyuk qaytishlar”ni amalga oshirgan futbol yulduzlari
Ularni qaytishi qanchalik omadli bo‘lgan?

Shu kunlarda jahon ommaviy axborot vositalari “PSJ” hujumchisi Lionel Messining “Barselona”ga qaytishi mumkinligi haqida yozishmoqda. Ko‘p oylardan beri davom etayotgan muzokaralar shu kunlarda yana avjiga chiqmoqda. Ispan klubi argentinalik futbolchini qaytarish uchun barcha narsaga tayyor ekanligini aytdi. Futbol tarixida bunga o‘xshash kambeklar juda ko‘p bo‘lgan. Lekin har doim ham o‘yinchilar o‘zlari muvaffaqiyat qozongan klublariga qaytishlari bilan yuqori saviyani ko‘rsata olishmagan.
Krishtianu Ronaldu (“Manchester Yunayted”)
Ronaldu Manchesterda katta futbol olamiga kirib keldi. Hamda shu yerda u o‘z isteʼdodini namoyish qildi. Dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri ekanligini ko‘rsatdi. “Old Trafford”ga qaytish yaxshi va chiroyli hikoyaga o‘xshardi, chunki bu shunchaki bir paytlar Krishtianu o‘ynagan klubga o‘tish emas, balki uyga qaytish edi. Ammo kutilmaganda ko‘p hodisilar yuz berdi. Portugaliyalik futbolchidan qandaydir moʻjizalar kutilgan edi. Ammo buning o‘rniga muxlislar umidsizlikka tushib qolishdi. Shundan so‘ng kelishmovchiliklar ortidan Krish jamoani tark etdi.
Shu bilan birga, statistik maʼlumotlarga ko‘ra, Ronaldu qaytganidan keyingi birinchi mavsumda u birinchi kelganidagidan yomon o‘yin ko‘rsatmagan. O‘sha mavsumdagi muammo jamoaning umumiy natijalariga taʼsir ko‘rsatdi. Keyin esa omadsiz davrni o‘tkazdi. 2022/2023-yilgi mavsumda, Erik ten Xag klubga kelganida Ronaldu bilan munosabatlar buzildi. Bu esa Krish va “Manchester Yunayted” hikoyasi qayg‘uli yakun topishiga olib keldi.
Antuan Grizmann (“Atletiko Madrid”)
Fransuz futbolchisi 2014-yilda “Atletiko Madrid”ga kelib qo‘shilgandi. Vaqt o‘tishi bilan u jamoa yetakchisi va tizimli o‘yinchiga aylangan. Antuan uchun hammasi ajoyib ketayotgandi: gollar, golli paslar, yulduzlik maqomi. Lekin 2018-yilda u jamoasini o‘zgartirishni xohladi. Grizmann “Barselona”ga o‘tayotgan edi va bir necha hafta davomida OAVda bu transfer qachon bo‘lib o‘tishi haqida mish-mishlar tarqaldi. Biroq, Grizmann Madrid jamoasini bilan shartnomani 2023-yilgacha uzaytirishga qaror qildi. Keyin esa yana “Barselona” bilan muzokaraga kirishdi. Bu doston “PSJ”-Mbappe-“Real” uchburchagidan ham keskinroq chiqdi, chunki “Atletiko” omma oldida “Barsa”ni nomaqbul xatti-harakatlarda aybladi. Natijada, Grizmann baribir ketdi. U Kataloniya klubi tomonidan to‘liq 120 million yevroga sotib olish varianti bilan shartnoma imzoladi.
Fransuz futbolchisi bu yerda yangi tajribaga ega bo‘ldi: Grizmann o‘zining konfor zonasini tark etib, unga qo‘yilgan umidlarni oqlamadi, chunki u o‘ziga tanish bo‘lmagan pozitsiyada to‘p surdi. Hamda Antuan aql bovar qilmaydigan burilish yasadi. U “Atletiko”ga ijaraga o‘tdi va keyin to‘liq shartnoma imzoladi. Shuningdek, u muxlislardan uzr so‘radi:
“Odamlar mendan buni eshitishni xohlashlarini bilaman: muxlislarga yetkazgan og‘riq uchun uzr so‘rayman. Lekin buni amalga oshirishning eng yaxshi yo‘li - maydonda o‘zimning eng yaxshi tomonlarimni ko‘rsatish. Biz to‘g‘ri yo‘ldamiz”.
Qaytish qiyin edi. Grizmann birinchi mavsumda “Atletiko”ni tark etishdan oldingi statistikasiga ham yaqinlasha olmadi. Muxlislar uni hayratda qoldirdi, lekin u taslim bo‘lmadi va bu mavsumda yana cho‘qqiga qaytdi. Antuan hali oldingi ko‘rsatkichlarga erisha olgani yo‘q, lekin mavsum hali tugamagan.
Pol Pogba (“Yuventus”)
Pogba Turinga bolaligida kelgan va katta futbolchiga aylangan va bir necha mavsumda “Yuve” afsonalari ro‘yxatiga kirishga muvaffaq bo‘lgan. To‘rt bor liga chempionligi, muvaffaqiyatli startlar va keyin 2012-yilgi mavsumda “Manchester Yunayted”ga to‘satdan o‘tish. Keyin Pogba klubdan janjal bilan ketdi: Ser Aleks Fergyuson Mino Rayola rahbariyatdan yuqori maosh talab qilib, futbolchining maoshini haddan tashqari oshirib yuboradi, deb hisobladi. Tomonlar bir-birini hurmatsizlikda aybladi. Oradan ko‘p yillar o‘tib “Manchester Yunayted” Pogbani qaytarishga qaror qildi. Pogba Manchesterda olti mavsum qoldi, lekin yana janjal bilan ketdi. Rahbariyat va murabbiylar bilan bir mavsum kelishmovchiliklardan so‘ng, u “Manchester Yunayted”ni erkin agent sifatida tark etdi va “Yuventus”ga qaytdi. 2026-yilgacha maoshini sezilarli darajada kamaytiruvchi shartnoma imzoladi. Chiroyli hikoya juda tez yakun topdi. 2022-yil iyul oyi oxirida Pogba jamoa o‘yinida 45 daqiqa o‘ynadi, keyin mashg‘ulotlarda tizzasidan jarohat oldi va deyarli yetti oyga safdan chiqdi. 29 yanvar kuni u “Monza” bilan o‘yin uchun arizaga kiritilgan. “Torino” bilan bahsda 22 daqiqa o‘ynadi. Keyin “Roma” bilan o‘yinda yana 13 daqiqaga maydonga tushdi. Ammo Pogba to‘liq qaytishga muvaffaq bo‘lmadi. Mashg‘ulotlarda jarima zarbalarini bajarish paytida u yana jarohat oldi. Mish-mishlarga ko‘ra, “Yuventus” u bilan shartnomani buzishga qarshi emas, chunki butun mavsum davomida jarohatdan jarohatgacha o‘tadigan futbolchini saqlab turish juda qimmatga tushadi.
Romelu Lukaku (“Inter”)
Lukaku “Inter”da yaxshi faoliyat olib bordi. U yerda futbolchi Yevropaning eng kuchli hujumchilaridan biri unvoniga ega bo‘ldi. Chempionlikni qo‘lga kiritdi va rahbariyatning to‘liq ishonchini qozondi. Ammo “Chelsi” unga taklif bilan chiqqanida qarshilik ko‘rsata olmadi. London klubi uch marta muzokaraga kirishdi, har safar futbolchining ulushini oshirdi: xuddi Romeluni Londonda ko‘rishni qanchalik xohlayotganini ko‘rsatganday.
Lukaku bolaligidan London klubiga muxlislik qilgan, shu bois 2011-yilda birinchi shartnomasini imzolaganida, u nihoyatda xursand edi. To‘g‘ri, keyin Romelu unchalik yaxshi o‘yinlar o‘tkazmadi. U ikki yil ijarada yurdi va oxir-oqibat jamoadan ketdi. Shuning uchun “Stamford Brij”ga qaytish ko‘p yillar oldin tugallanmagan ishlarni yakunlashga urinishdek tuyuldi. Ammo bu ish bermadi: Lukaku ochig‘ini aytganda, “Chelsi”da muvaffaqiyatsizlikka uchradi, shuning uchun “Inter” uni bir mavsumdan keyin yana ijaraga oldi. Qaytishdan kutilgan umidlar har ikki tomonning haqiqatiga to‘g‘ri kelmadi: Lukaku Londonga qaytishdan oldingi darajasini bir muncha yo‘qotdi. Butun mavsum davomida bor-yo‘g‘i uchta gol va bitta golli uzatmaga ega bo‘lgan belgiyalik futbolchini klub ijara muddati tugagach, o‘z safida ushlab turmasligini allaqachon tasdiqlagan.
Ueyn Runi (“Everton”)
“Everton” Runining faoliyatida juda ko‘p narsani anglatadi: aynan o‘sha yerda u barcha tayyorgarlik bosqichlarini bosib o‘tdi, katta futbolda debyut qildi va avlodning asosiy isteʼdodi sifatida o‘zini namoyon qildi. Ikki yil o‘tgach, yuqori darajadagi futbolchi “Yunayted”ga jo‘nab ketdi va u yerda u oxir-oqibat afsonaga aylandi. Ammo Manchesterdagi muddati tugagach, Ueyn hammasi boshlangan joyga qaytdi. Liverpul jamoasiga qaytish omadli bo‘ldi. Runi sardor etib tayinlandi, u muntazam ravishda maydonga tushdi va hatto 10 ta gol urdi. Hozirgi vaqtda OAV “Everton” Runini bosh murabbiy qilib qaytarishdan manfaatdor ekanligi haqida yozmoqda. Angliyalik sobiq futbolchi hozir “DC Yunayted”ga murabbiylik qilmoqda.
Zlatan Ibrahimovich (“Milan”)
Hujumchi o‘z faoliyatida ko‘plab klublarni o‘zgartirdi. Biroq, u 2019/2020-yilgi mavsumda yetti yildan so‘ng “Milan”ga qaytdi. Birinchi bosqichda Zlatan o‘zi ishtirok etgan barcha uchrashuvlarda asosiy tarkibdan maydonga tushdi. Ko‘p gol urdi (ayniqsa, 2011/2012 -yilgi mavsumda – 28 ta gol!) va chempionlikni qo‘lga kiritishda hal qiluvchi rolni o‘ynadi.
2019/2020-yilgi mavsumda Ibrahimovich qaytdi, ammo uning Milan klubidagi faoliyati ikkinchi bosqichda omadsizlikka uchradi. 2020- yilda u mushaklari yorilishi tufayli ikki oyni o‘tkazib yubordi, kuzda koronavirus bilan kasal bo‘lib qoldi. Keyin mushak jarohati va undan keyin tibia jarohati. U endigina tuzalib ketgan edi, 2021-yil fevral oyida yana mushak yorilishi va tizzasidagi jarohat futbolchi faoliyatiga jiddiy taʼsir ko‘rsatdi. Zlatan butun 2021/2022-yilgi mavsumni ukollar bilan o‘tkazdi.
Terri Anri (“Arsenal”)
“Arsenal” afsonasi sobiq klubiga 2012-yil boshida qisqa muddatli ijara asosida kelgan edi. O‘shanda Anri to‘p surgan MLSda vaqtinchalik tanaffus eʼlon qilingan edi. Shuning uchun Terri hammasini yana qaytadan boshlash uchun London jamoasiga kelib qo‘shildi. Umuman olganda, fransiyalik futbolchi mavsum davomida 7 ta o‘yinda maydonga tushdi va ikki bor gol urdi.







