“Muxlislarga mavsumning qolgan qismi uchun barqaror rejani taqdim etmoqchimiz”
“Chelsi” egalari Lempardning bosh murabbiy etib tayinlanishini tushuntirdi.

“Chelsi” xo‘jayinlari Todd Bouli va Bedad Egbali mutaxassis Frenk Lempardni klubga yangi bosh murabbiy etib tayinlanishi haqida gapirdi.
“Biz Frenkni “Stemford Brij”da kutib olishdan xursandmiz. Frank Premyer-liga Shon-sharaf zali aʼzosi va “Chelsi” afsonasi. Doimiy bosh murabbiyni izlashda davom etar ekanmiz, klub va muxlislarimizga mavsumning qolgan qismi uchun aniq va barqaror rejani taqdim etmoqchimiz. Biz muvaffaqiyatga erishishning barcha imkoniyatlarini taʼminlashni xohlaymiz va Frank bizni marraga olib borish uchun zarur bo‘lgan barcha xususiyat va fazilatlarga ega. Shanba kuni bizni “Vulverxempton”ga qarshi muhim o‘yin kutib turibdi, keyin esa bor eʼtiborimizni Madriddagi Chempionlar ligasi chorak finaliga qaratamiz. Biz qolgan barcha o‘yinlarda eng yaxshi natijaga erishish uchun Frankni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz”, — deyiladi London klubi rasmiy saytida.
Avvalroq “Chelsi” Lempardni joriy mavsum oxirigacha bosh murabbiy etib tayinlaganini eʼlon qilgan edi. 2 aprel kuni klub sentabrdan beri jamoani boshqarib kelgan Grem Potterni isteʼfoga chiqargandi.







