Norvegiyalik futbolchi APLda mutloq rekord o‘rnatdi
U mavsum davomida beshta jamoadan ham ko‘p gol urgan.

“Manchester Siti”ning norvegiyalik hujumchisi Erling Holand APLning 28-turidan o‘rin olgan “Vest Hem”ga qarshi o‘yinda gol urdi. Bu gol norvegiyalik futbolchi uchun joriy mavsumdagi 35-gol bo‘ldi. Shu tariqa, u bir mavsumda urilgan gollar soni bo‘yicha Angliya chempionati oliy divizionining mutlaq rekordini yangiladi.
Holand bir vaqtning o‘zida beshta Premyer-liga jamoasidan ko‘proq gol urgan. “Chelsi”, “Vulverxempton”, “Nottingem Forest”, “Everton” va “Sautgempton” klublarida bir mavsumda urilgan gollar soni 35 tadan kam.
Eslatib o‘tamiz, Holand 1993/1994 yilgi mavsumda 40 ta o‘yinda 34 ta gol urgan Endi Koul va 1994/1995 yilgi mavsumda 34 ta gol urgan Alan Shirerning rekordini yangiladi. Norvegiyalik futbolchi joriy mavsumda 31 ta o‘yinda maydonga tushdi. “Manchester Siti”ning mavsum yakuniga qadar APLda yana beshta o‘yini bor.







