“Rheinmetall” kompaniyasi Ukraina uchun yiliga 600 mingta snaryad ishlab chiqarmoqchi
Bu haqda konsern rahbari maʼlum qildi.

"Rheinmetall qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyasi Ukraina uchun yiliga 600 ming snaryad ishlab chiqarishga tayyor", — deydi konsern rahbari Armin Papperger Handelsblatt gazetasiga.
Bu haqda u Yevropaning sanoat bo‘yicha komissari Terri Bretonning Rheinmetall‘ning Unterlyus shahridagi zavodiga tashrif buyurganidan so‘ng maʼlum qildi, deb yozadi gazeta.
Nashrning eslatishicha, Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 1 yilda 1 million artilleriya o‘qini yetkazib berishga vaʼda bergan. Bretonning aytishicha, shiddatli janglar davom etayotgani va Ukraina armiyasining o‘q-dorilari tugashi mumkinligi sababli vazifa tezda bajarilishi kerak.
Nashrning taʼkidlashicha, Yevropa mamlakatlari uchun snaryadlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish oson emas, chunki Sovuq urush tugaganidan so‘ng qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tegishli quvvatni qisqartirgan.
Ishlab chiqarishni tiklash uchun Yevropa Ittifoqi 500 million yevro ajratadi, yana 500 million YEIning alohida davlatlari tomonidan beriladi. Keyinchalik o‘q-dorilar ishlab chiqarishga yana 1 milliard yevro sarflash rejalashtirilgan.
Juma kuni Yevropa Komissiyasi Ukrainaga artilleriya o‘q-dorilarini yetkazib berish bo‘yicha ushbu sxema nihoyat kelishilganini eʼlon qildi.
Yevropa Ittifoqi rasmiy saytida aytilishicha, mablag‘lar 155 millimetrli snaryadlar va kerak bo‘lsa, raketalar ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.







