“Manchester Yunayted”ning o‘yini susaymoqdami?
Jamoa so‘nggi olti o‘yinda atigi uchta gol urgan.

Kecha Londondagi “Olimpik” stadionida Angliya premer-ligasining 35-turidan o‘rin olgan “Vest Xem” hamda “Manchester Yunayted” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Said Benrahmning birinchi bo‘lim o‘rtalarida kiritgan goli evaziga Devid Moyes jamoasi g‘alaba qozondi. Shunday qilib, “Manchester Yunayted” barcha musobaqalardagi so‘nggi olti o‘yinning to‘rttasida gol ura olmadi. Umuman olganda, klub so‘nggi olti uchrashuvda atigi uchta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘tkazilgan 34 o‘yindan so‘ng Manchester shahri jamoasi Angliya Premyer-ligasi turnir jadvalida to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi.







